2020 yilda koronavirusga qarshi kurashish tadbirlariga 7,7 mlrd dollar xarajat qilindi – Moliya vaziri

Iqtisodiyot 17:05 / 28.05.2021 7841

Moliya vaziri Timur Ishmetov davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2020 yil ijrosi bo‘yicha Senatga hisobot berdi.

Ma'lum qilinishicha, o‘tgan yili budjet xarajatlarining katta qismi koronavirus pademiyasi bilan kurashish choralariga sarflangan.  

«Hisob-kitoblarga ko‘ra, koronavirus bilan kurashish va uning oqibatlarini yumshatish tadbirlariga amalga oshirilgan xarajatlarning jami summasi 77,2 trln so‘mni yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 13,3 foizni tashkil etdi. Bu xarajatlarning 13,8 trln so‘mi davlat budjeti hisobidan, shundan 12,8 trln so‘mi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hisobidan, 3,3 trln so‘mi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirildi.

Koronavirus pandemiyasi tufayli chegaralarning yopilishi, transport aloqalarining uzilishi xalqaro savdo operatsiyalariga salbiy ta'sir ko‘rsatdi. Bu mamlakat tashqi savdo aylanmasining 2019 yilga nisbatan 13 foizga kamayishiga va 36,3 mlrd AQSh dollarini tashkil etishiga sabab bo‘ldi. Tashqi savdo aylanmasida eksport hajmi 15,1 mlrd dollarni, import 21,2 mlrd dollarni tashkil etdi.

O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan budjet balansi 26,1 trln so‘m (YaIMga nisbatan 4,5 foiz) taqchillik bilan ijro etildi», dedi vazir.

Timur Ishmetovga ko‘ra, o‘tgan yili respublika yalpi ichki mahsuloti hajmi 580,2 trln so‘mni tashkil etdi va real o‘sish 2019 yilning mos davriga nisbatan 1,6 foizga to‘g‘ri keldi. Xususan, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida o‘sish 3 foizni, qurilish sohasida 9,2 foizni, sanoatda 0,7 foizni, xizmatlar sohasida 0,1 foizni tashkil etdi.

Ko‘proq yangiliklar: