Murodboy va uning sheriklari sudda bosh vazir va bosh prokuror ishtirok etishini talab qilgan - Oliy sud

Jamiyat 19:18 / 26.05.2021 48058

O‘zbekiston Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l shahar sudida sodir bo‘lgan voqeaga munosabat bildirdi. Unda qayd etilishicha, sudlanuvchilar piska (lezviye) bo‘lagi bilan qo‘llarini tilib, o‘zlarini qamoqdan ozod qilishni yoki aslida ularga tegishli bo‘lib, “Ahmadboy ishi” bo‘yicha musodara qilingan 6,5 mln dollarni qaytarishni hamda sud majlisida bosh vazir va bosh prokuror ishtirok etishini talab qilishgan.

Rasmiy bayonotda dastlabki tergov organi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “a”, “v” bandlari bilan ayblanuvchi M. Yunusaliyev rahbarligidagi uyushgan guruh a'zolari G‘.Murodjonov, E.Sharipov, S.Yo‘lchiyev, A.Qudratov, M.Daliyev, A.Rasulov, D.Raimbekov, D.Bozorboyev, S.Qurbonov, S.Po‘latov, E.Abdusalamov, E.Usmonov 2016 yil 1 yanvardan 2016 yil 16 iyungacha davom etgan jinoiy faoliyatlari mobaynida fuqarolardan naqd pul, avtomashina va ko‘chmas mulklarni qabul qilib, ularning pul mablag‘lari va ko‘chmas mulklarini 10-12 oy ichida 2 - 2,5 barobar miqdorida ko‘paytirib berishni va'da qilishgan. Shu yo‘l bilan fuqarolarni qiziqtirib, jami 682 ta holatda 516 nafar jabrlanuvchining 2,3 mln. AQSh dollari va 1,4 mlrd. so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritishda ayblangani ta'kidlanadi.

Ma'lum bo‘lishicha, mazkur jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l shahar sudiga 2021 yil 22 fevral kuni kelib tushib, uni sud majlisida ko‘rish 2021 yil 11 mart kuniga tayinlangan.

Raislik qiluvchi sudya F.Ishanxodjayev tomonidan joriy yilning 11 mart kunidan bugungi kunga qadar o‘tkazilgan sud majlislarida jinoyat ishi bo‘yicha 430 nafardan ortiq jabrlanuvchi, 7 nafar guvoh va 8 nafar sudlanuvchi so‘roq qilingan. Ehtiyot chorasi sifatida qamoqda saqlanayotgan sudlanuvchilar M.Yunusaliyev, G‘.Murodjonov, S.Yo‘lchiyev, A.Qudratov va E.Sharipov ko‘rsatma berishdan bosh tortgan.

Murakkab va ko‘p epizodli bo‘lgan mazkur jinoyat ishining sudda muhokama qilish muddati 2021 yil 10 may kuni Toshkent viloyati sudi raisi tomonidan Jinoyat-protsessual kodeksi 405-moddasining 4-qismiga asosan to‘rt oyga, ya'ni 2021 yil 12 iyulga qadar uzaytirilgan.

“25 may kuni o‘tkazilgan navbatdagi sud majlisi jarayonida, taxminan soat 16:00 larda qamoqda saqlanayotgan sudlanuvchilar M.Yunusaliyev, G‘.Murodjonov, S.Yo‘lchiyev, A.Qudratov va E.Sharipov raislik qiluvchi tomonidan himoyachi D.Asqarovning iltimosnomasi rad qilinganini vaj qilib, uyushgan holatda tartibsizlik sodir etgan. Sudlanuvchilar M.Yunusaliyev, S.Yo‘lchiyev va A.Qudratov o‘zlarining yonlarida bo‘lgan piska (lezviye) bo‘lagi bilan qo‘llarini tilib, o‘zlarini qamoqdan ozod qilishni yoki aslida ularga tegishli bo‘lib, “Ahmadboy ishi” bo‘yicha musodara qilingan 6,5 mln. AQSh dollarini qaytarishni hamda sud majlisida Bosh vazir va Bosh prokuror ishtirok etishini talab qilishgan

Hodisa sodir bo‘lgan joyga Toshkent viloyati prokurori, viloyat IIBB boshlig‘i, Yangiyo‘l shahar prokurori, DXX bo‘limi, IIB boshlig‘i va Milliy gvardiya xodimlari yetib kelishgan.

Sudlanuvchilar bilan hamkorlikda olib borilgan suhbat va tushuntirish ishlari natijasida, jismoniy kuch ishlatmagan holda ularni tinchlantirish va 1-sonli tergov hibsxonasiga etap qilishga erishilgan”, deyiladi Oliy sudning rasmiy munosabatida.

Shu bilan birga, Oliy sud sudlanuvchilar va ularning yaqin qarindoshlari Murodboy va sheriklarini qo‘lga olish chog‘ida topilgan 3 kg oltin, 6 milliard so‘m pul va qimmatbaho mashinalarni organ xodimlari olib ketgani haqidagi iddaolariga ham munosabat bildirgan. Ta'kidlanishicha, 3 kg oltin va katta miqdordagi pul mablag‘lari hamda qimmatbaho avtomashinalar muqaddam jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l shahar sudining 2020 yil 27 avgustdagi hukmi bilan sudlangan aynan shu sudlanuvchilarga oid jinoyat ishida ham, ayni vaqtda ko‘rilayotgan 1-1119-2001/25-sonli jinoyat ishida ham ashyoviy dalil tariqasida e'tirof etilmagan va ishga qo‘shilmagan.

Ushbu ashyolar boshqa jinoyat ishiga taalluqli, ya'ni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudining A. Tursunboyev (“Ahmadboy”) va boshqalarga oid (jami 19 nafar shaxs) 2019 yil 20 maydagi hukmiga ko‘ra, tergovchi N. Jalilovning 2016 yil 16 iyundagi “ashyoviy dalil tariqasida e'tirof etish haqida”gi qaroriga ko‘ra, 2016 yil 18 iyundagi “ko‘zdan kechirish va qayta sanash” dalolatnomalari hamda 7189, 639-sonli kvitansiyalar asosida O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Moliya-iqtisod boshqarmasiga topshirilgan 13 128 177 500 so‘m pul, 2016 yil 24 iyundagi 7192-sonli kvitansiya asosida topshirilgan 12 017 282 AQSh dollari va 140 yevro, 2017 yil 17 mart kuni 9/41-sonli kvitansiya asosida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligiga topshirilgan, umumiy vazni 2 837,43 grammni tashkil etuvchi 545 871 235 so‘mga baholangan 16 turdagi 45 dona zargarlik buyumlari jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplash uchun ularga proporsional tarzda taqsimlab berish belgilangan.

Mazkur hukmga nisbatan keltirilgan kassatsiya shikoyati jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi kassatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilib, kassatsiya instansiyasining 2020 yil 9 yanvardagi ajrimiga ko‘ra, hukmning fuqaroviy da'voga oid qismi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

M.Yunusaliyev va boshqalarga oid jinoyat ishi yuzasidan navbatdagi sud majlisi 2021 yil 28 may kuniga tayinlangan.

Ko‘proq yangiliklar: