O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Farg‘ona viloyati hokimligi va Malayziyaning «Clipper Energy» kompaniyasi vakillari o‘rtasida onlayn-muzokaralar tashkil etildi.
«Dunyo» xabariga ko‘ra, uchrashuvda tomonlar Farg‘ona viloyatida 450 million dollardan ortiq to‘g‘ridan to‘g‘ri Malayziya sarmoyasi asosida 1000 Mvtgacha quvvatga ega shamol elektr stansiyasini bunyod etish masalalarini muhokama qilgan.
Muzokaralar chog‘ida «Clipper Energy» kompaniyasi asoschisi Mohd Halim Shoh yuqorida qayd etilgan investitsiya loyihasi doirasida kompaniya tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, tegishli loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, asbob-uskunalar yetkazib beruvchini tanlash va boshqa jihatlar haqida ma'lumot bergan.
Uchrashuv natijasida iyul oyida «Clipper Energy» vakillarining hamkorlik shartnomasini imzolash, loyihaning manzilini aniqlash va kompaniyaning Farg‘ona viloyatida ofisini ochish uchun O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Ma'lumot uchun, 2020 yilning dekabr oyida tomonlar o‘rtasida ushbu loyihani amalga oshirishning texnik-iqtisodiy asoslarini o‘rganish ishlarini tashkil etish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan edi.
Avvalroq, «ACWA Power» kompaniyasi tomonidan Qoraqalpog‘istonda 1500 Mvt quvvatga ega shamol energetikasini loyihalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilish to‘g‘risida bitim imzolangandi.