Joriy yil sanoat korxonalarida ro‘y bergan baxsiz hodisalarda 5 kishi vafot etgan

Jamiyat 11:54 / 26.05.2021 4305

25 may kuni AOKAda Ko‘mir, kon-ruda va noruda sohalarida sanoat xavfsizligi inspeksiyasi mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida sohada amalga oshirilayotgan ishlar, sanoat xavfsizligini ta'minlash va tekshirishlar bo‘yicha ma'lumotlar berildi.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil boshidan Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi Ko‘mir, kon-ruda va noruda sohalarida sanoat xavfsizligi inspeksiyasi xodimlari tomonidan 5931ta sanoat xavfsizligi hamda konchilik ishlari va yer osti boyliklaridan foydalanish talablari buzilgani aniqlangan.

«Xavfli ishlab chiqarish obektlarida avariyalar va baxsiz hodisalarning oldini olish maqsadida 12 holatda xavfli ishlab chiqarish obektlarida ishlar vaqtincha to‘xtatib qo‘yildi va ishchilar bexatar joyga olib chiqilgan.

Korxona va tashkilotlarda jami 15ta baxsiz hodisa ro‘y bergan. Ulardan bittasi guruhiy, 2tasi yengil, 7tasi og‘ir va 5tasi oqibati o‘lim bilan tugagan baxsiz hodisalar», dedi Ko‘mir, kon-ruda va noruda sohalarida sanoat xavfsizligi inspeksiyasi boshlig‘i Hikmatilla Mayusupov.

Shuningdek, inspeksiya tomonidan Kun.uz’ga taqdim etilgan ma'lumotga ko‘ra, sodir bo‘lgan baxsiz hodisalar Navoiy va Olmaliq KMKlari hamda «O‘zbekko‘mir» korxonalarida bo‘lgan.

1. Sodir bo‘lgan baxsiz hodisalar korxonalar kesimida:

a) Navoiy kon metallurgiya kombinati (NKMK) — 8ta baxsiz hodisa ro‘y bergan. Bitta yengil, 3ta og‘ir, 3ta o‘lim, bitta guruhiy.

b) Olmaliq kon metallurgiya kombinati (OKMK) — 4ta baxsiz hodisa ro‘y bergan. Bitta yengil, 3ta og‘ir.

v) O‘zbekko‘mir — 3ta baxsiz hodisa ro‘y bergan. Bitta og‘ir, 2ta o‘lim.

2) Sodir bo‘lgan baxsiz hodisalar viloyatlar kesimida:

— Samarqand: 1 (Samarqand viloyatida Navoiy KMK Janubiy kon boshqarmasi)

— Navoiy: 7

— Toshkent viloyati: 7

Sodir bo‘lgan baxsiz hodisalar tekshirish yakunlari bo‘yicha 9ta hujjat huquqni muhofaza qilish organlariga qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rish uchun taqdim etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: