Zoyir Mirzayev: Qashqadaryo yoshlari barcha jabhalarda birinchi bo‘lishi kerak

Jamiyat 14:31 / 25.05.2021 6958

Qashqadaryo viloyatida “Yoshlar shousi” o‘tkazildi.

Dastlab Qarshi shahrida yangi barpo qilingan “Monomarkaz” hamda “IT-texnopark”da yirik qurilish va neft-gaz kompaniyalarining «Yoshlar daftari» ro‘yxatiga kiritilgan, ayni paytda ishsiz bo‘lgan yoshlar uchun «Bo‘sh ish o‘rinlari» mehnat yarmarkalari o‘tkazildi.

Mazkur yarmarkada to‘rtta sanoat korxonasi, jumladan, Muborak gazni qayta ishlash zavodi, «Sho‘rtanneftgaz» hamda «Muborakneftgaz» zavodlari, shuningdek, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi singari kompaniyalar hamda Qarshi shahridagi va viloyatning barcha tuman (shahar)laridagi qirqqa yaqin qurilish korxonalari 1200 dan ortiq bo‘sh ish o‘rni bilan qatnashdilar.

Uchrashuv va yarmarkalarda «Yoshlar daftari» ro‘yxatidagi 764 nafar yoshlarning ro‘yxati shakllantirildi va ularning bandligi ta'minlandi.

Tadbir “Qashqadaryo sohili”ning yozgi sahnasidagi yoshlar shousi konsert dasturiga ulandi.

Unda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev yoshlar va maktab bitiruvchilariga murojaat qildi. Hokim yoshlarni jamiyatning muhim jabhalarida kasb tanlashlari, bor imkoniyatlaridan foydalanishlari uchun zarur maslahatlarini berdi.

“O‘zbekiston tarixida davlat rahbarining maktab bitiruvchilariga tabrik yo‘llashi bu birinchi marta kuzatilayotgan holat. Aytish mumkinki, bu sizlarning tom ma'noda ertamiz egalari ekanligingiz, davlat va jamiyat hayotida tutgan o‘rningizga ishora qiladi.

Istardimki, Qashqadaryo yoshlari barcha jabhalarda birinchi bo‘lishi kerak. Ma'lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili viloyat yoshlarining atigi besh foizi oliy ta'limga qamrab olingan ekan. Bu yil ellik foiz yoshlarimiz oliy ta'limda tahsilni davom ettirishlarini so‘rab qolardim. O‘qishni davom ettirmagan yoshlarimiz esa tadbirkorlik qilishlari, hayotda o‘z o‘rinlariga ega bo‘lishlariga umid bildiramiz. Va bu borada qo‘limizdan kelgan barcha ishlarni qilishga, sizlarga sharoit yaratib berishga va'da beramiz”, dedi Zoyir Mirzayev.

Ma'lumot o‘rnida aytish mumkin, Qashqadaryodagi yoshlar orasida muddatidan ilgari xorijiy va mahalliy oliy ta'lim dargohlari talabasi bo‘lgan o‘quvchilar mavjud. Masalan, Shahrisabz shahridagi 6-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Firdavs Karimjonov WEBSTER universiteti, 15-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Ruslan Jamolov WESMINISTR, INHA va Turin YEOJU, Qarshi shahridagi 11-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Jasur Ochilov Britaniya universiteti, 44-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Shuhrat Yo‘ldoshev Malayziya davlatining Xiamen universiteti, shuningdek, sport yo‘nalishidagi erishgan yutuqlari uchun Kasbi tumani 40-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Shohida Saidmurodova, Qarshi shahrining 11-maktab 11-sinf o‘quvchisi Jonibek Bekanchiyev, 23-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Alisher Xayrullayev jismoniy tarbiya va sport universitetining talabasi bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

Qashqadaryo viloyat hokimligi axborot xizmati.

Ko‘proq yangiliklar: