Hakatonning tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha Farg‘ona viloyati Raqamli texnologiyalar markazi yosh mutaxassisi Ilhomjon Boltaboyev sardorligidagi “We might” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Maxsus dastur mobil ilova orqali yuklanadi. Ilova qon va qon beruvchilar, respublika bo‘yicha real talablar, noyob qon guruhlari, qon bilan bog‘liq kasalliklar va qon berishi mumkin bo‘lgan donorlar to‘g‘risida ma'lumot taqdim etadi. Unda har bir fuqaroning qon guruhi haqida ma'lumot kiritiladi. «Tibbiy yordamchi» ilovasida donorlar uchun ham alohida bo‘lim bor. Tezkor qon kerak bo‘lib qolgan hollarda yashash hududiga qarab, yaqin masofada turadigan donorlarni topishga yordam beradi va xabarnoma yuboradi. Mazkur dastur Respublika qon quyish markazi mutasaddilarida qiziqish uyg‘otgan va loyiha mualliflari bilan hamkorlik amalga oshirilmoqda.
Fan va ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha Mohinur Abdurahimova boshchiligidagi “Fazo” jamoasi yaratgan dastur eng yaxshi deb topildi. Ushbu dastur xalq ta'limi tizimida sifatli ta'limni yo‘lga qo‘yishga hissa qo‘shadi. Dastur asosida sinfxonalarga o‘rnatilgan kameralar o‘quvchilarni fanlardan qanday o‘zlashtirayotganini nazorat qilib, bevosita ota-onalarga sms-xabarnoma tarzida yetkazadi. Bunda sinfda nechta o‘quvchi bo‘lsa, ularning har biri alohida nazorat qilinadi. Bola necha marta javob berdi, qanday harakat qildi – hammasi haqida ma'lumot beriladi. Bu esa, o‘z o‘rnida, ota-onaning farzandiga, uning ta'limiga nisbatan e'tiborini oshiradi. Dastur orqali ma'lum muddatdan so‘ng butun O‘zbekistondagi o‘quvchilarning o‘zlashtirishi haqida ma'lumot olish mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, jarayonda faqat o‘quvchilarni emas, o‘qituvchilarni ham kuzatish, ularga baho berish va rag‘batlantirish imkoni bo‘ladi. Mazkur loyihaga xususiy maktablar tomonidan qiziqish bildirilib, yangi o‘quv yilidan ayrim xususiy maktablarda joriy qilish ko‘zda tutilmoqda.
Ijtimoiy hayotda axborot texnologiyalari yo‘nalishida Bahodir Rajabov sardorligidagi “Space team” jamoasining kunlik xizmatlar uchun mo‘ljallangan dasturi g‘olib deb topildi. Dastur muntazam ish o‘rniga ega bo‘lmagan hunar egalari uchun kunlik ishlar topish mumkin bo‘ladi. Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad kunlik yollanma ishchilarning ertadan kechgacha ish poylab o‘tirishlarini, bir so‘z bilan aytganda “mardikor bozori” degan joylarni yo‘qotishdan iborat.
Shuningdek, homiylar tomonidan qo‘shilgan yana bir nominatsiya - sanoat yo‘nalishida Behzod Abdurahmonov boshchiligidagi WCI jamoasi eng yaxshi loyiha muallifi deb topildi.
Hakatonda ishtirok etgan yoshlar jamoasi o‘z ijodlarini namoyish etish, o‘z g‘oyalarini investorlarga to‘g‘ri yetkazish hamda sotish, bilim va mahoratlarini oshirish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Eng yaxshi loyihalar homiylar tomonidan rag‘batlantiriladi.
Eslatib o‘tamiz, hakaton musobaqasida ishtirok etish maqsadida 4 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan 160 nafar shaxs ariza topshirdi. Vazirlikning Iqtidorli yoshlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i Firdavs Ne'matzodaning qayd etishicha, eng yaxshi loyiha mualliflariga 35 mln so‘mdan mukofot puli beriladi.