Surxondaryoda «Damas» va «Kamaz» o‘rtasida sodir bo‘lgan to‘qnashuvda ikki kishi vafot etdi, yana ikki kishi og‘ir tan jarohatlari oldi

Jamiyat 14:06 / 25.05.2021 11629

Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida «Damas» va «Kamaz» mashinalari o‘rtasida sodir bo‘lgan to‘qnashuvda ikki kishi vafot etgan. Yana ikki kishi og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, kecha, 24 may tunda soat 02:15 lar chamasida M41 Bishkek-Dushanbe-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Sho‘rchi tumani Guliston mahallasi hududidan o‘tuvchi 1501-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan. Denov-Sho‘rchi yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan «Kamaz» yuk mashinasi yo‘lning qarama-qarshi tomoniga o‘tib ketgan va o‘z yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan «Damas»ni urib yuborgan.

Oqibatda, «Damas» haydovchisi va uning yonida bo‘lgan yo‘lovchi og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etgan. Bundan tashqari, «Damas»da yo‘lovchi sifatida ketayotgan ikki nafar shaxs, ulardan biri 8 yoshli qiz bo‘lgan, og‘ir tan jarohatlari bilan Sho‘rchi tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Qayd etilishicha, mazkur hodisa tufayli «Damas» mashinasiga jiddiy zarar yetgan. Shuningdek, «Kamaz» ham yo‘l chetidagi zovurga ag‘darilib ketgan.

Surishtiruvlarda ma'lum bo‘lishicha, «Kamaz» haydovchisi yuk mashinalarini boshqarish huquqini beruvchi guvohnomani bir yil avval olgani va yetarli malakaga ega bo‘lmagani aniqlangan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 24 may kuni ertalab A373 Toshkent-Andijon-O‘sh xalqaro avtomobil yo‘lining Angren shahri hududidan o‘tgan qismida ham ayanchli yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan. Og‘ir yuk ortgan yuk mashinasi temir yo‘l kesishmasida to‘xtab turgan yettita (!) mashina bilan to‘qnashgan. Oqibatda, 7 nafar odam vafot etgan, 14 nafar kishi og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Ko‘proq yangiliklar: