«Qo‘ynimizni puch yong‘oqqa to‘ldirib kelishyapti» - Qo‘shtepadagi Qiyqi mahallasi muammolari qachon hal bo‘ladi?

Jamiyat 14:44 / 25.05.2021 8583

Kun.uz muxbiri murojaat yo‘llangan manzilda bo‘lib, mahalla ahli bilan suhbatlashdi. Murojaatda ko‘rsatib o‘tilgan holatlar bilan yaqindan tanishdi.

Eng asosiy muammo – mahalla bir necha yildan buyon ichimlik suvini bir necha kilometr masofadan tashib keladi.

Mahalla oqsoqoli Ziyovuddin Karimov qishloqdagi muammolar haqida so‘zlab berdi.

Ziyovuddin Karimov, mahalla oqsoqoli

«Ichki yo‘llarimiz talab darajasida emas. Ayniqsa, qish kunlari bu yo‘llar tufayli aziyat chekamiz. Mahalla ahli pul to‘plab ko‘chaga shag‘al to‘ktirganmiz. Mahalla oqsoqoli etib saylanganimga 7 yil bo‘lgan bo‘lsa, bu masalalarda rahbarlar yoniga yordam so‘rab bir necha marta kirganman. Lekin natija yo‘q.

Yana bir asosiy muammolardan biri — elektr toki. Simyog‘ochlarni o‘z mablag‘imiz hisobidan, hashar yo‘li bilan o‘rnatganmiz. Shamol bo‘lsa biror kishining boshiga yog‘och sinib yoki sim uzilib tushib ketmasmikan, deb yurak hovuchlab o‘tiramiz. Oktyabr oyi keldi deguncha elektr toki kuchi pastlab ketadi. Chiroqlar bazo‘r yonadi.

Suv muammosi esa mahalladagi eng og‘riqli masala bo‘lib turibdi. Suv ta'minoti korxonasi mutasaddilariga 4 yildan buyon suv chiqarib berishlarini iltimos qilib kelamiz. Lekin natija bo‘lmayapti. Ular «pulini qachon to‘lasang keyin suv chiqarib beramiz», deyishadi. Lekin yo‘q suvga kim ham pul beradi? Suvni uzoqdan tashib kelamiz. Tushlikdan keyin suvga turnaqator navbat bo‘lib ketadi. Tegishli joylarga borsak ertaga bo‘ladi, indinga bo‘ladi, deb qo‘ynimizni puch yong‘oqqa to‘ldirib kelishyapti», — deydi Ziyovuddin Karimov.

Mahalla faoli Zuhriddin Ahmedov mahalla ahli suvsizlikdan qiynalib ketsa ham mas'ullar uchun bir tiyinlik qizig‘i yo‘qligidan yozg‘irib qoldi.

Zuhriddin Ahmedov, mahalla faoli

«Ichimlik suvi bo‘lmasa qiyin. Ishdan charchab kelgan odamga uni uzoqdan tashib kelish malol kelyapti. Qaysidir uyda transport bor, boshqasida esa yo‘q. Suv tashishda ayniqsa transporti yo‘qlar ko‘proq aziyat chekishadi.

Suv masalasida tuman hokimi qabuliga kirdik. Hokim mas'ullarga muammoni bartaraf qilishga ko‘rsatma berdi. Oradan 2 kun o‘tib suv ta'minotidan xodimlar kelib, «suv bor, faqat to‘lov qilsang suv ulanadi», deyishdi. Tushmagan suvga qanday to‘lov qilamiz?! Oqib kelmagan suvga pul to‘lamaymiz-ku?!

Ko‘chadagi teraklarni kesib, bir joylardan tagiga beton ustuncha topib, simyog‘ochlarni o‘rnatganmiz. Avariya holatidagi simyog‘ochlar ko‘p ko‘chamizda. Yaxshiyamki, bu yil bahor faslida har yilgiga nisbatan yog‘ingarchilik kamroq bo‘ldi. Yo‘qsa, loy ko‘chalarimizda ishga qatnash yanada qiyinlashardi.

Mahalla ahli bilan suhbatlashib, holat bilan tanishib turganimizda «Qiyqi» MFY raisi Valijon Yo‘ldoshev ham kelib qoldi. Biz qishloqdagi to‘planib qolgan mavjud muammolar yuzasidan mahalla raisiga yuzlandik.

Valijon Yo‘ldoshev, «Qiyqi» MFY raisi.

«Bu lavozimda 2020 yildan buyon ishlayman. Chinortepa mahallasidan haqiqatan ham murojaatlar bo‘lgan. Ichimlik suvi va elektr ta'minoti masalasi bo‘yicha tuman hokimi qabuliga ham kirganmiz. Hokim tuman ETKga 16 maygacha simyog‘ochlarni almashtirib berishni ko‘rsatma qilgan. Lekin shu paytgacha elektr tarmoqlari mas'ullari mahallaga kelishmadi. Suv minoramiz ham bir necha yildan buyon ishlamaydi. Bu borada suv ta'minoti korxonasiga bir necha marta murojaat qilganmiz. Suv va ichki yo‘llarni asfaltlash II chorak uchun davlat dasturiga kiritilgan. Suv minorasini ta'mirlash uchun katta mablag‘ talab etiladi. Suv ta'minoti korxonasining ta'mirga puli yo‘q», — Valijon Yo‘ldoshev.

Mahalla raisi bilan suhbatimiz tugamasdan Qo‘shtepa tumani hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Bahromjon Qurbonov, suv ta'minoti bo‘limi muhandisi Lutfullo Xolboyev hamda tuman ETK muhandisi Muzaffar Ashurov mahallaga yetib kelishdi.

Tumani hokimi o‘rinbosari Bahromjon Qurbonov «Qiyqi» MFY Chinortepa ko‘chasidan ichimlik suvi, simyog‘ochlar nosozligi va ichki yo‘llar bo‘yicha e'tiroz kelib tushgani haqiqat ekani, murojaatlar hokimlik tomonidan kelib o‘rganilganini aytib o‘tdi. Chinortepaga 7-suv tarmog‘i yetib kelgan bo‘lsa-da, aholi shartnoma qilmay, to‘lovlar bajarilmagani tufayli suv berilmayotgani, shartnoma va to‘lov qilish bo‘yicha mahalla raisi va mutasaddilar bilan aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilganini gapirib berdi.

Suv ta'minoti korxonasi tomonidan mahallaga ichimlik suv ulab berilishi, mahalla fuqarolari suv uchun shartnoma tuzishni va'da qilishgani, suv bo‘yicha masala hal bo‘lganini ta'kidladi.

Bahromjon Qurbonov, tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari.

Hokim o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, bir hafta ichida mahalladagi simyog‘ochlar ham almashtiriladi. Ichki yo‘llarni asfalt qilish esa faqat dastur bo‘yicha amalga oshirilishi ta'kidlandi.

Lutfullo Xolboyev, suv ta'minoti bo‘limi muhandisi

Ichimlik suvi muammosi haqida tuman suv ta'minoti bo‘limi muhandisi Lutfullo Xolboyev ham o‘z fikrlarini bildirdi.

«2017 yilda quduq tozalash paytida quduqdan suv qochgan. Gidrogeologik xulosalar olingan. Aholiga suv yetkazib berish maqsadida Chinortepa ko‘chasidagi magistral tarmoqdan qo‘shimcha 400 metr tarmoq tortilib, mavjud liniyaga ulab berilgan. Aholi bilan shartnoma masalasida tushunmovchilik bo‘lgani uchun, bugun ular bilan kelishib oldik. Bugundan suv tushirib beramiz», — deydi tuman suv ta'minoti bo‘limi muhandisi.

Tuman elektr tarmoqlari korxonasi muhandisi Muzaffar Ashurov ertadan brigada ishga kirishib, hafta yakuniga qadar elektr simlari tayanchlari o‘rnatilishini ta'kidladi.

Muzaffar Ashurov, TETK muhandisi

«Chinortepa ko‘chasi elektr ta'minoti 119-transformator punkti o‘tgan yili mukammal ta'mirdan chiqarilgan. Mahallada simyog‘ochlar aholi tomonidan majburlikdan o‘rnatilgani haqiqat. Bu yilgi 26-61 dasturi bo‘yicha dastur bajarilayotgan obektlardan bo‘shagan simyog‘ochlarni mahallaga o‘rnatib beramiz. Ertadan nasib qilsa brigadamiz bilan kelib, hafta yakuniga qadar tayanchlarni o‘rnatamiz», — deydi Muzaffar Ashurov.

Masalaga daxldor mas'ul idora vakillarining munosabatlarini tinglar ekanmiz, ular muammolarning asl yechimini turli ko‘rinishda sabab qilib ko‘rsatgani bo‘ldi. Tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari mahalla ahli ichimlik suvi uchun shartnoma qilmay, to‘lovlar qilinmagani sabab suv berilmayotgani, shartnoma va to‘lov amalga oshirilsa hoziroq suv kelishini aytib o‘tdi.

Mahalla raisi esa bu borada umuman boshqa fikr bildirdi. U suv kelishi uchun suv minorasini ta'mirlashga katta mablag‘ ketishi, suv ta'minoti korxonasining esa ta'mirga puli yo‘qligini aytib o‘tdi.

Qarama-qarshi fikrlar.

Mahalla ahli suv kelishiga umuman ishonqiramayapti. Ular suv kelgan ondan boshlab, shartnoma va to‘lov qilishga tayyor turishibdi.

Tuman ETK muhandisi uzog‘i bir hafta ichida abgor simyog‘ochlar yangilanishiga va'da berdi.

Kun.uz muxbiri murojaat borib o‘rganilgandan keyin ham mahalla ahli bilan bir necha marta telefon orqali muloqot qildi. Ma'lum bo‘lishicha, suv ta'minoti korxonasidan xodimlar kelib, quduqdan suv chiqarmoqchi bo‘lishgan, lekin harakat besamar ketgan. «Hoziroq suv tushadi», degan va'da doimgidek va'daligicha qolib ketgan. Simyog‘ochlar esa har doimgidek yetib kelmagan. Uning qachon kelishini hech kim bilmaydi.

Asfaltni esa hatto hokim o‘rinbosari va'da ham qila olmadi. U dastur asosida qilinadi.

Kun.uz mahalladagi muammolar qanday hal qilinishini kuzatishda davom etadi.

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: