O‘tgan haftadagi birja savdolarida paxta yog‘i, shakar va sement narxi pasaydi

Iqtisodiyot 12:32 / 25.05.2021 7831

O‘tgan hafta davomida, ya'ni 17–23 may kunlari «O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi»ning barcha savdo platformalarida 1 trillion 838,8 mlrd so‘mlik tovarlar sotilgan bo‘lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 50,8 foizga ko‘p.

Paxta yog‘i

Ko‘rib chiqilayotgan davrda, ya'ni 17-23 may kunlari ochiq birja savdolari orqali 2 ming 54 tonna paxta yog‘i sotilgan.

O‘tgan hafta davomida paxta yog‘ining boshlang‘ich narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 14 mln 704,5 ming so‘mdan 14 mln 37,9 ming so‘mgacha, ya'ni 4,5 foizga pasaydi.

Shakar

O‘tgan haftada birjaning shakar bozorida ham narxlar pasayishi qayd etildi. Hafta davomida birja savdolariga 15 ming 520 tonna shakar qo‘yildi va bundan 14 ming 720 tonna yoki mahsulotning 94,8 foiz hajmi sotilgan.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda shakarning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 7 mln 720,8 ming so‘mdan 7 mln 423,4 ming so‘mgacha, ya'ni 3,8 foizga pasaygan.

Tsement

Birjaning sement bozorida ichki talab o‘sishiga qaramasdan narxlar pasaygan.

O‘tgan haftada birja savdolariga 278 ming 70 tonna sement qo‘yildi va ulardan 236 ming 160 tonnasi, ya'ni 85 foizi sotildi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 47,2 ming tonnani tashkil qildi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda sementning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 593,2 ming so‘mdan 569,4 ming so‘mgacha, ya'ni 4 foizga pasaydi.

Benzin

O‘tgan haftada birjaning avtomobil benzini bozorida kichik o‘zgarish qayd etildi. Hafta davomida birja savdolariga 26 ming 435 tonna AI-80 markali benzin qo‘yildi va ushbu hajmdan 20 ming 470 tonnasi yoki mahsulotning 77,4 foizi sotilgan.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda AI-80 markali avtomobil benzinining o‘rtacha kunlik narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 6 mln 670 ming so‘mdan 6 mln 676,4 ming so‘mga, ya'ni 0,1 foizga o‘sgan.

Ko‘proq yangiliklar: