Onlayn auksiondan mulk yutgan tadbirkor o‘z mulkiga egalik qilolmay, yillab ovora bo‘lmoqda. Bu safar bosh rollarda – sirdaryolik sudyalar

Jamiyat 18:44 / 25.05.2021 9837

O.Qurbonov binoga mulk huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida muammoga duch keladi.

Ish hujjatlaridan ma'lum bo‘lishicha, Guliston shahar hokimining 2006 yil 7 fevraldagi 75-sonli qaroriga asosan Otabek Boboyev (auksionga qo‘yilgan binoning sobiq egasi)ga Guliston shahar, “Mahalla” hududidan 6 sotix yer maydoni uy-joy qurish uchun ajratib beriladi.

O.Boboyev ushbu yer maydonida turar joy binosini qurib, 2010 yil 30 mart kuni kadastr hujjatlarini rasmiylashtiradi. 2010 yil 29 iyunda Xalq banki Sirdaryo viloyat filiali bilan kredit shartnomasi tuzib, 49 mln so‘m mablag‘ oladi. Kredit ta'minoti sifatida notarial tasdiqlangan garov shartnomasi asosida yuqoridagi turar joy binosini garovga qo‘yadi.

Kredit mablag‘lari o‘z vaqtida qaytarilmagani sababli bank da'vosi bo‘yicha sud hal qiluv qarori chiqarib, 2018 yil 18 iyul kuni berilgan ijro varaqasiga binoan kredit bo‘yicha qarzdorlik undiruvi garovga qo‘yilgan turar joy binosiga qaratiladi. MIB Guliston shahar bo‘limi tomonidan ijro doirasida turar joy binosi “E-IJRO AUKSION”da onlayn auksionga qo‘yiladi.

2019 yil 3 iyun kuni «FAYZ ORIGINAL SAVDO» MChJ ta'sischisi O.Qurbonov auksionda g‘olib bo‘lib, 6 sotix yerda joylashgan turar joy binosini 127 mln so‘mga sotib oladi. Unga rasmiylashtirib berilgan auksion bayonnomasi asosida binoga nisbatan kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish maqsadida Sirdaryo viloyat “Yermulkkadastr” davlat korxonasi Guliston shahar filialiga murojaat qilganida ushbu binoga nisbatan M.Isakova va S.Maxsumovlarning nomiga kadastr hujjatlari rasmiylashtirilganligi aniqlanadi. Shu sababli kadastrchilar binoni rasmiylashtirib bera olmasliklarini aytib, rad javobini berishadi.

Bundan norozi bo‘lgan O.Qurbonov Guliston shahar ma'muriy sudiga ariza bilan murojaat qilib, Sirdaryo viloyati Yertuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi tomonidan Guliston shahri, Farxod mahallasi hududidagi uy-joy bo‘yicha fuqaro Matluba Isakovaning 2012 yildagi arizasi asosida rasmiylashtirilgan “Yermulkkadastr” hujjatini haqiqiy emas, deb topishni hamda javobgar Sirdaryo viloyat Yertuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi zimmasiga binoga nisbatan mulkiy huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish majburiyatini yuklashni so‘raydi.

Ariza mazkur sud tomonidan ko‘rib chiqilib, 2020 yil 9 sentyabrdagi hal qiluv qarori bilan qanoatlantirishdan rad etiladi.

Shundan so‘ng, 2020 yil 10 oktyabrda «FAYZ ORIGINAL SAVDO» MChJ rahbari Guliston shahar IIBga ariza bilan murojaat qilib, “E-IJRO AUKSION” orqali sotib olgan binosiga nisbatan M.Isakova va S.Maxsumovlarning nomiga kadastr hujjatlari rasmiylashtirilganligi aniqlanganini, shu sababli ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘raydi.

Mazkur holat yuzasidan Guliston shahar IIO FMB 3-son IIB tergov guruhi katta tergovchisi Sh.Jo‘rayev tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilganda, quyidagilar aniqlangan:

Sirdaryo viloyat Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastr davlat korxonasi tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvining 2020 yil 12 noyabrdagi 1919-sonli xulosasida M.Isakovaning kadastr raqami №12:10:06:03:01:0203 (eski raqami №12:10:06:01:02:0398) bo‘lgan qurilishi tugallanmagan turar joyini kadastr yig‘ma jildini tayyorlashda sobiq xodimlar – geodeziya va kadastr suratga olish bo‘limi mutaxassisi Murodov Bekzod G‘aybullayevich va ko‘chmas mulk bo‘limi mutaxassisi Bazarov Taxir Turgunovich tomonidan qonunbuzarlik sodir etilgani ko‘rsatilgan.

Shunga ko‘ra, tergovchi Sh.Jo‘rayev o‘zining 2020 yil 12 noyabrdagi “Ayblilik to‘g‘risidagi masalani hal qilmay turib, jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida”gi qarorida yuqoridagi xodimlarning harakatlarida hujjatlarni qalbakilashtirish va ulardan foydalanish qilmishlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi “b” bandida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir qilganligi, lekin hozirgi vaqtga kelib oradan 8 yil o‘tganligi tufayli jinoiy javobgarlikka tortish muddati o‘tib ketgan, deb hisoblanib, aybdorlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 64-moddasi va Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasi 1-qismi 1-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida” xulosaga kelgan.

O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksining 269-moddasiga ko‘ra, sud hujjati qabul qilingan paytda mavjud bo‘lgan, lekin arizachiga ma'lum bo‘lmagan va ma'lum bo‘lishi mumkin bo‘lmagan, ish uchun muhim holatlar qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish uchun asos bo‘lishi belgilangan.

Shunga asosan, O.Qurbonov Guliston shahar ma'muriy sudining 2020 yil 9 sentyabrida qabul qilgan hal qiluv qarori yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rib chiqilishi lozim, deb hisoblaydi va shu mazmunda sudga ariza yozadi.

Ish Guliston tumanlararo ma'muriy sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, 2021 yil 26 fevral kuni chiqarilgan hal qiluv qaroriga ko‘ra, «FAYZ ORIGINAL SAVDO» MChJ manfaatida kiritilgan ariza qanoatlantiriladi. Ya'ni, 2012 yili M.Isakovaga, 2014 yili xuddi shu obekt bo‘yicha S.Maxsumovga rasmiylashtirilgan kadastr hujjatlari haqiqiy emas, deb topiladi. Shuningdek, Davlat kadastrlar palatasi Guliston shahar filiali zimmasiga «FAYZ ORIGINAL SAVDO» MChJ 2019 yilda auksion orqali sotib olgan ko‘chmas mulkiga nisbatan mulk huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish majburiyatini yuklaydi.

Soxta hujjat asosida kadastr qilingan ko‘chmas mulkni 2014 yilda M.Isakovadan sotib olgan S.Maxsumov sud qaroridan norozi bo‘lib, apellyatsiya shikoyati beradi.

Apellyatsiya instansiyasida ishni Sirdaryo viloyat ma'muriy sudi ko‘rib chiqadi. Ushbu sudning ish bo‘yicha 2021 yil 20 aprelda chiqargan qarori bilan apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilib, Guliston tumanlararo ma'muriy sudining 2021 yil 26 fevraldagi hal qiluv qarori bekor qilinadi va ish bo‘yicha yangi qaror qabul qilinadi. Unga ko‘ra, «FAYZ ORIGINAL SAVDO» MChJning arizasi qanoatlantirishdan rad etiladi.

Viloyat sudi qanday qilib bunday kutilmagan qaror chiqardi dersiz?

Bunda sud muddatni o‘tkazib yuborganlik vajidan foydalangan. Ya'ni «FAYZ ORIGINAL SAVDO» MChJ binoga nisbatan kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha 2019 yil iyulida Sirdaryo viloyat “Yermulkkadastr” davlat korxonasi Guliston shahar filialidan rad javobi olish holatini sudga murojaat qilish bo‘yicha 3 oylik muddatning boshlanishi sifatida baholagan. Turli sabablarga ko‘ra, ma'muriy sudga 2020 yil iyunda berilgan arizani viloyat sudi 11 oy o‘tib kechikib berilgan ariza, deb topgan va muddat o‘tkazib yuborilgan, degan asos keltirgan.

Lekin negadir undan keyingi voqealar, ya'ni kadastrchilar tomonidan hujjatlar soxtalashtirilgani, o‘zaro gorizontal joylashgan ikki yer uchastkasining vertikal qilib qayta taqsimlab qo‘yilgani kabi holatlar tergovda o‘z isbotini topganiga qaramay, viloyat sudi bu holatlarni negadir yangi ochilgan holat, deb topmagan, balki istamagandir. Viloyat sudi mantig‘iga ko‘ra, mana shuncha “o‘yin”lardan keyin ham yer uchastkasi va undagi binolar soxta taqsimot bo‘yicha qolaverishi kerakka o‘xshaydi.

Guliston tumanlararo ma'muriy sudining har tomonlama va atroflicha o‘rganib chiqargan qarorini yo‘qqa chiqarib, o‘g‘rincha harakatlarni qo‘llab-quvvatlagan viloyat sudining maqsadi nima? Xarsangtoshday bo‘lib ko‘zga tashlanib turgan faktlarni zarra o‘rnida ko‘rmagan va bu faktlarni hatto qarorda umuman tilga olmagan hay'at sudyalarining xatti-harakatlarini nima bilan oqlash mumkin? Qachongacha onlayn auksiondan mol-mulk sotib olganlar ayrim sudyalarning noxolisligi tufayli ona suti og‘ziga kelib yillar davomida o‘z mulkiga egalik qilolmay sarson bo‘lib yurishi kerak?

Afsuski, auksiondan mulk olganlarning sarson bo‘lib yurishida sudyalar asosiy rollardan birini ijro etishda davom etmoqdalar.

Abbos Salaydinov

 Mavzuga oid:

Ko‘proq yangiliklar: