Bugun mamlakatimiz barcha hududlaridagi umumta'lim maktablarida so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirlari o‘zgacha shukuhda boshlandi. Boisi, respublikamiz bo‘yicha 438 ming nafarga yaqin o‘quvchi-yoshlarimiz bugun yetuklik shahodatnomasini qo‘lga kiritishmoqda.
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2021 yil 24 maydagi 02-1771-sonli topshirig‘iga binoan joriy yil 25 may kuni mamalakatimizdagi barcha maktablarida «So‘ngi qo‘ng‘iroq» tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish, bitiruvchilarga «Oq yo‘l» tilash tadbirlarini yuqori darajada tashkil etish belgilab berildi.
Maktab bitiruvchilarining ana shunday quvonchli onlariga sherik bo‘lish, ularnig qalblariga yanada quvonch ulashish maqsadida, bugun Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI) rahbariyati jamoasi ham rektor O‘ktam Umurzakov boshchiligida poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan, institutga biriktirilgan 64, 50, 18 hamda gumanitar yo‘nalishdagi maktablarda o‘tkazilgan tadbirlarda ishtirok etishdi.
Institut va maktab o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik doirasida mazkur ta'lim muassasasi bitiruvchilarini hayotlarining yangi, yanada mas'uliyatli bosqichiga qadam qo‘yayotgani va «So‘ngi qo‘ng‘iroq» bilan muborakbod etishib Muhtaram Prezidentimizning mamlakatimiz bitiruvchilariga yo‘llangan tabrigini o‘qib eshittirishdi.
Ularga kelgusi hayotlarida oldilariga qo‘ygan maqsadlariga erishishi, oliy o‘quv yurtiga kiradimi, biror kasb egasi bo‘ladimi, yurtimiz taraqqiyoti, uning rivoji, ertangi kuni uchun kerakli insonlar bo‘lib yetishishlarida omadlar tilashdi. Suv xo‘jaligi va muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha kelgusida o‘qishni davom ettirmoqchi bo‘lgan o‘g‘il-qizlarni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutiga o‘qishga taklif etishdi.
Maktablardagi «So‘ngi qo‘ng‘iroq» tadbirlari o‘yin-kulguga boy hamda qizg‘in tarzda davom etdi.
TIQXMMI matbuot xizmati