Innovatsiya vazirligi biotexnologiyalar sohasida 2,5 mlrd so‘mlik 3ta startap loyihani moliyalashtiradi

Iqtisodiyot 11:00 / 25.05.2021 6410

Vazirlikning hay'ati yig‘ilishida Startap loyihalarni o‘rganish bo‘yicha Ilmiy-texnik kengash tomonidan moliyalashtirishga tavsiya etilgan loyihalar muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston prezidentining «Biotexnologiyalarni rivojlantirish va mamlakatning biologik xavfsizligini ta'minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroridan kelib chiqqan holda, biotexnologiyalar sohasidagi startaplarni moliyalashtirish masalasi ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, Ilmiy-texnik kengash a'zolari tomonidan 3 ta loyiha moliyalashtirishga tavsiya qilingan bo‘lib, loyihalarning umumiy qiymati 2 485,8 mln so‘mni tashkil etadi. Jumladan:

  • 485,8 mln so‘m qiymatidagi «Farg‘ona vodiysi sharoitida tok, mevali daraxtlar va sabzavot o‘simliklarining yirik genetik resurslarini tirik holda saqlash, iqlimlashtirish hamda biotexnologiya asosida yetishtirish va ko‘paytirishning intensiv agrotexnologiyalarini yaratish» loyihasi bo‘lib, ushbu loyiha doirasida 400 dan ortiq meva-sabzavot va uzum navlarining istiqbolli navlarini yaratish va iqlimlashtirish ko‘zda tutilgan;
  • 500 mln so‘m qiymatidagi «Qishloq xo‘jaligi hayvonlari uchun pasterellyoz, salmonellyoz va kolibakterioz qarshi vaksinalar» startap loyihasi vaksinalarni bioreaktorda sanoat hajmida chiqarish imkonini beradi. Talabga qarab bir yilda 100 litrgacha vaksina ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi;
  • 1500 mln so‘mlik «Sorgo va soriz (guruch va marjumakning o‘rindoshi) mahsulotlarini yetishtirishning intensiv texnologiyasi» startap loyihasi dunyoda keng tarqalgan, lekin yurtimizda mavjud bo‘lmagan boshoqli ekinlarni yetishtirishga qaratilgan. Bu o‘simliklarni tuproq unumdorligi past maydonlarda ham ekish mumkin, ko‘p suv talab qilmasligi ham muhim ahamiyatga ega. Donidan aholi uchun oziq-ovqat sifatida foydalanilsa, poyasi, barglari chorvachilik mollari uchun yem sifatida ishlatiladi.

“Mazkur loyihalar Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Ijro etuvchi direksiyasi tomonidan birlamchi hujjatlar asosida 15 ish kun davomida loyihalarning ijrochi tashkilotlari bilan o‘rnatilgan tartibda shartnoma tuzish orqali moliyalashtiriladi”, deyiladi vazirlik matbuot kotibining Kun.uz’ga bergan ma'lumotida.

Avvalroq, Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmati 2021 yilda innovatsion ilmiy tadqiqotlarni budjetdan moliyalashtirishga 514,2 mlrd so‘m ajratilayotgani haqida ma'lumot bergan edi.

Ko‘proq yangiliklar: