“Toshkent 5 tashabbus harakati” doirasida Toshkent shahar hokimining yoshlar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, tadbirda Jahongir Ortiqxo‘jayev maktab o‘quvchilari uchun stipendiya joriy etilishi to‘g‘risida so‘z yuritdi.
“Maktab o‘quvchilariga hokim stipendiyasi berish masalasi bo‘yicha bu yildan reja qildik. Har bitta maktabdan 5ta fan - fizika, matematika, biologiya, kimyo va bu yil chet tilini qo‘shdik. Sentyabrdan boshlab 5 nafar o‘quvchiga hokim stipendiyasi beriladi. Har bir o‘quvchiga oyiga 500 ming so‘mdan va uning o‘qituvchisiga 1 million so‘mdan beriladi”, - dedi Ortiqxo‘jayev.
Shuningdek, Jahongir Ortiqxo‘jayev talabalarga ham Toshkent shahar hokimi stipendiyasi joriy qilinadimi, degan savolga javob berdi.
“Sekin-sekin boyisak, talabalarga ham stipendiya joriy qilinadi. Bu yil maktabga qildik. Endi talabalarimiz ichidan yaxshilari yetishib chiqib, katta-katta korxonalar qurib, katta-katta soliqlar to‘laganidan keyin hokim stipendiyalari paydo bo‘ladi. Talabalar zo‘r o‘qib, chet elga borib, u yerda ishlab, O‘zbekistonga soliq to‘lamasa, qayerdan stipendiya bo‘ladi, to‘g‘rimi? Shuning uchun o‘zlaringiz katta bo‘lib, korxona ochib, soliq to‘laysizlar. Shunda imkoniyatlar yaratiladi”, - dedi Toshkent shahar hokimi.