Uhandagi laboratoriyaning 3 xodimi pandemiyadan bir oy oldin og‘ir kasallikka chalingan - WSJ

Jahon 10:12 / 24.05.2021 7068

Xitoydagi Uhan virusologiya institutining 3 xodimi koronavirus pandemiyasi boshlanishidan bir oy oldin, ya'ni 2019 yil noyabrda og‘ir kasallikka uchrab, shifoxonaga tushgan. Bu haqda AQSh razvedkasi ma'lumotlariga tayanib The Wall Street Journal nashri xabar berdi.

Nashrning AQSh razvedkasi hisobotiga tayanib bergan ma'lumotlariga ko‘ra, koronavirus va boshqa infeksiyalarni o‘rganish bilan shug‘ullangan laboratoriyada ishlagan virusologlar uchragan kasallik ham COVID-19’ga, ham o‘tkir respirator virusli infeksiyaga (ORVI) o‘xshash bo‘lgan. Nashrda ta'kidlanishicha, shu tariqa SARS-CoV-2’ning Xitoydagi laboratoriyadan chiqib ketgani haqidagi taxmin navbatdagi isbotga ega bo‘ldi.

AQSh razvedkasi hisoboti JSSTning koronavirus kelib chiqishini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilayotgan tergovning keyingi bosqichi muhokama qilinishi rejalashtirilgan yig‘ilishi oldidan paydo bo‘ldi.

AQShning milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Emili Xornning ta'kidlashicha, AQSh prezidenti Jo Bayden ma'muriyatida koronavirus pandemiyasi paydo bo‘lishi, jumladan, virusning Xitoydan tarqalgani borasida «jiddiy savollar» bor.

WSJ chiqargan xulosalarni AQSh davlat departamentining koronavirus kelib chiqishini o‘rganish bo‘yicha guruhining sobiq rahbari Devid Asher ham ma'qullagan.

«Men uchinchi darajadagi mustahkam himoyaga ega bo‘lgan va koronavirus bilan ishlovchi laboratoriyaning birdaniga 3 xodimi bir hafta ichida ORVI bilan kasallanib, shifoxonaga tushishi va bu koronavirus bilan bog‘lanmaganiga shubham bor», deb aytgan Asher.

Mart oxirida JSST mutaxassislarining koronavirus kelib chiqishini aniqlash maqsadida Uhanga amalga oshirgan tashrifi yuzasidan hisoboti e'lon qilingandi. Hujjatda koronavirus katta ehtimol bilan dastlab ko‘rshapalaklarda paydo bo‘lgani, so‘ngra u mutatsiyaga uchrab, oraliq jonzot orqali odamga o‘tgani ma'lum qilingan. Shu bilan birga, JSST mutaxassislari virus Uhandagi laboratoriyadan chiqib ketgani ehtimoli ozligini aytishgan.

Bir qator davlatlar, jumladan, AQSh JSST ekspertlarining bu hisobotidan qoniqmagan.

Ko‘proq yangiliklar: