Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev 24 may kuni «Toshkent 5 tashabbus harakati» tadbirlari doirasida yoshlar bilan uchrashdi. U muloqot vaqtida «obnal ishi» haqida so‘ragan jurnalistni «hayp uchun» savol bermaslikka chaqirdi.
Uchrashuvda jurnalist bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umrzoqov boshchiligidagi hukumat komissiyasi Buxorodagi tadbirkorlar bilan uchrashuvda bir necha milliard so‘mlik QQS bo‘yicha undiruvni bekor qilish borasida qaror qilgani, ammo Soliq qo‘mitasi buni tan olmasdan rad qilgani borasida savol berdi.
DSQ raisi Sherzod Qudbiyev qo‘mita bu topshiriqni «so‘zsiz bajargani»ni iddao qildi.
«Yana ko‘pchilikni bu masala qiziqtirayotgan bo‘lsa kerak-a? Biz o‘zi yoshlar bilan uchrashuv qilyapmizmi yoki QQS masalasini muhokama qilamizmi? Vaqtimiz cheklangan, shuning uchun yoshlarga imkoniyat berishni iltimos qilgan bo‘lardim. Bu savoldan qochish emas. Bir marta javob beraman. Ruxsat bersanglar, etika nuqtayi nazaridan ko‘proq yoshlarga imkon bersak, yoshlar bilan gaplashsak, keyin 10 daqiqacha vaqt ajratib, QQS ma'murchiligi bo‘yicha bo‘layotgan vaziyatni yoritib berishim mumkin.
Singlim, sizga bir savol, o‘sha topshiriqni o‘qiganmisiz? Bu birinchi savol. Ikkinchi savol, u yerda [QQSni] qaytarib bersin degan joyi bormi? Agar topshiriqni o‘qigan bo‘lsangiz, u yerda QQS qaytarib berilsin degan gap yo‘q. Sud masalasi haqida shoshmay turing. Topshiriq haqida so‘rayapsiz. Siz o‘zingiz o‘sha protokolni o‘qiganmisiz deb savol beryapman. Protokolni o‘qimasdan turib, shuncha yoshning vaqtini olib, hayp uchun bu savolni menga berishingiz etikaga qanchalik to‘g‘ri keladi?
U yerda bunday topshiriq berilmagan. U yerda, adashmasam, 587tami yoki 589tami kontragent to‘g‘risida savol bo‘lgan va shuni qaytarib berish yuzasidan choralar ko‘rib chiqilsin, degan jumla yozilgan. Ya'ni biz hukumat komissiyasi topshirig‘ini so‘zsiz bajaramiz, Soliq qo‘mitasi bu topshiriqni bajargan va biz qaytarib berish choralarini ko‘rganmiz.
Hozir raqamlarda adashishim mumkin, taxminan 150ga yaqin kontragentga QQS pulini qaytarib berganmiz. Yana bir qismini – tan olganlarini bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berganmiz. Taxminan 30 foiziga pulni qaytarib berishni mutlaqo rad etganmiz va bu bo‘yicha hukumatga axborot kiritganmiz.
Bu faqat Buxoro viloyati bo‘yicha bo‘lgani yo‘q, ma'murchilik O‘zbekiston Respublikasining barcha hududida bir xil amalga oshiriladi», – dedi Qudbiyev.
DSQ jurnalistni komissiya bayonnomasini o‘qimasdan savol berishda ayblagan, biroq ta'kidlash lozim, bayonnoma ochiq manbalarda e'lon qilingan emas.
Hukumat komissiyasi DSQga Buxoro viloyatidagi 907ta tadbirkorlik sub'yektidan «obnal ishi» bo‘yicha 47 milliard so‘mlik soliq undiruvini bekor qilish topshirig‘ini bergan.
Bu haqda Kun.uz o‘z manbasiga tayanib, 23 aprelda xabar bergandi. Shundan so‘ng qo‘mita matbuot xizmati bo‘lib-bo‘lib to‘lashga imkon berilganini aytib chiqqan, ammo Kun.uz'ning aniqlashtiruvchi qo‘shimcha savollariga javob bermagandi.
Soliq qo‘mitasiga shunday vazifa yuklatilganini 24 may kuni bosh vazir o‘rinbosari, hukumat komissiyasi raisi Sardor Umrzoqov ham tasdiqladi.
«Haqiqatan bunday qaror qabul qilingan. Bu qaror ijrosini Vazirlar Mahkamasi qoshidagi alohida tuzilgan inspeksiya va Bosh prokuratura nazoratga olishi kerak. Siz aytgan gapingizdan keyin borib topshiriq beraman. Ular menga hisobot beradi. Lekin hukumat komissiyasining qarorlari hamma uchun majburiy. Prezidentimizning farmonlari bilan alohida belgilangan. Komissiya qarorlari belgilangan muddatda bajarilmagan bo‘lsa, buni bajarmagan mas'ullarga tegishli choralar ko‘riladi», – dedi Kun.uz savoliga javoban Sardor Umrzoqov.
Mavzuga doir: