16 may kuni Toshkent shahrida Azon TV tashabbusi bilan marhum Zayniddin qori Muhammad Yusuf xotirasiga bag‘ishlab «Qur'on musobaqasi – 1442» tanlovining final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Qur'on musobaqasiga qatnashish uchun O‘zbekiston bo‘ylab mingdan ziyod arizalar kelib tushgan bo‘lib, ilk bosqichda ulardan 280 nafari saralab olingan. Finalga esa 28 nafar qori yetib keldi.
Andijonlik Muhammadibrohim Karimov musobaqaning hifz yo‘nalishida (Qur'onni to‘liq yod olgan qorilar) mutlaq g‘olib bo‘ldi va «Spark» avtomobili bilan taqdirlandi.
Kun.uz jamoasi Andijonda Muhammadibrohim Karimov xonadonida bo‘lib, qorining otasi Tohirjon Karimov va ustozlaridan biri bilan suhbatlashdi.
«O‘g‘lim Muhammadibrohim qorini yoshligidan Islomga qiziqishi baland bo‘lgan. 6 yoshida 1 pora Qur'onni yod olgan bo‘lsa, 12 yoshda to‘liq 30 pora Qur'on yodlagan. Bobolari Andijondagi Devonaboy masjidiga olib borgan, u yerda Husanxon qori aka degan ustozdan ta'lim olgan. Shundan so‘ng Andijon, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahridagi masjidlarda ramazon vaqtida xatmlarga o‘tib yurdi. O‘zining ilmi va harakati bilan O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasiga o‘qishga qabul qilindi.
Mana, Allohning fazli bilan Qur'on musobaqasida ham g‘olib bo‘ldi. Bu yo‘lda onalari va bobolarining xizmatlari katta bo‘lgan», – deydi qorining otasi Tohirjon Karimov.
«Muhammadibrohim qori – Andijondagi yetuk qorilardan biri. U kishiga o‘zi xalq bahosini berib bo‘lgan. Alloh taolo Qur'onni tushirgan zamon va makonni ulug‘ qilgan. Qur'on yozilgan qog‘ozlar va bitiklar ham e'zozlanib yuqoriga qo‘yilar ekan, Qur'onni o‘ziga jo qilgan qalblar ham insonlar tomonidan e'zoz qilinadi.
Qur'onning qiyomatgacha saqlanish vositalaridan biri – uning kitoblarga yozilish bo‘lsa-da, ammo uning asosiy saqlanish joyi – mo‘minlarning qalblaridir. Chunki Qur'oni Karim qalblardan qalblarga o‘tadi. Uning zikri qachonki, ustozni oldida o‘tirgan vaqtda oson bo‘ladi», – deydi ustozlaridan biri Muhammadayyub Fayzulloh.
Shuningdek, qahramonimiz Muhammadibrohim Karimovning o‘zi ham Qur'onni qanday yod olgani, bu yo‘lda oilasining qo‘llab-quvvatlashini so‘zlab berdi va Qur'onni yod olmoqchi bo‘lgan yoshlarga maslahatlar berdi.
«Azon TV tashkil qilgan Qur'on musobaqasidan bag‘oyatda xursand bo‘ldik, bunda qatnashishlik ilinji bor edi. Hamma narsada birinchi bo‘lib Allohga suyanish va jiddu-jahd qilib shu yo‘lda harakat qilish kerak, shunda o‘zing xohlagan narsaga erishasan», deyiladi.
Alhamdulillah, qatnashib bosh sovrin "Spark" avtomobili bilan taqdirlandik va uni uyga olib kelib otamizga topshirdik.
Yoshligimizda ko‘p o‘qiganmiz, qayta-qayta ustozlarga imtihon topshirardik. Husan qori aka ustozimiz bo‘lgan, u kishiga shogird bo‘lganimdan, ilm olganimdan faxrlanaman.
Alloh taolo Qur'onni bandalariga oson qilib qo‘yganini aytgan, o‘qimoqchi bo‘lgan yoshlarga unga yaqinlashaverish kerak. «Kimki harakat qilsa, topadi» deyiladi.
Qur'on o‘qiyotganimizda beixtiyor onamizni eslab ko‘zimizga yosh keladi. Bolaligimizda o‘qishdan mahzun holatlarda kelganimizda, onam bizning kayfiyatimizni ko‘tarib, bizga dalda bo‘ladigan gaplar gapirgan, ovqatlarimizgacha olib borib berardi. Ota-onaning xizmatlarini gapiradigan bo‘lsak, vaqtlarimiz yetmaydi. Kitoblarda ham keladi, «Kibor ulamolar, podshohlar va prezidentlar bitirgan birinchi maktab – onalar maktabidir. Agar sen qizni yetuk onalikka tayyorlaydigan bo‘lsang, kelajakda yetishib chiquvchi katta bir tomirni tayyorlagan bo‘lasan», deyiladi».
To‘liq suhbatni yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.