Bugun ushbu suhbatning to‘liq yozib olingan variantini e'tiboringizga havola qilamiz.
IT sohasiga kirib kelishimga otam sababchi bo‘lgan
Bolaligimdan uyimizda kompyuter bo‘lib, otam uni menga ham foydalanishim uchun ruxsat bergandi. Balki ishonmassiz, 1997-98 yillarda uyimizda internet tarmog‘i bo‘lgan. U davrlarda internet haqida nafaqat yurtimizda, balki xorijiy davlatlarda ham tushuncha yuqori bo‘lmagan.
Ushbu tarmoqqa ulanganimiz menga katta yangilik edi. Go‘yoki, yangi dunyoni kashf qilgandek edim. Sohaga qiziqishim keyinchalik meni kurslarda tahsil olishga undadi. 14-15 yoshlar atrofida men koreyaliklarning Toshkentdagi IT kurslarida tahsil oldim. Keyinchalik o‘zim o‘qiydigan maktab uchun sayt yaratib berganman. Bu taxminan 1999 yil edi.
Ziyoli oila farzandiman
Ota-onam haqida odatda, kam gapiraman. Otam ‒ Bahodirjon aka. Oliy ma'lumotli, ziyoli inson. Bir nechta universitetda tahsil olgan. Ma'lumoti bo‘yicha mutaxassisligi ‒ muhandis-injyener va iqtisodchi. Mustaqillik yillaridan buyon tadbirkorlik bilan shug‘ullanib keladi. Hozirda nafaqa yoshida bo‘lishiga qaramay, doimiy harakatda. Onamning ismlari Zamiraxon. Ular ham oliy ma'lumotli. Ko‘p yillar davomida uy bekasi bo‘lgan, farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullangan. O‘smirlik davriga qadam qo‘yganimdan boshlab mehnat faoliyatini boshlagan.
AQShga kelganimda hamma qatori menda ham qiyinchilik bo‘lgan
Men Qo‘shma Shtatlarga 2016 yilda ko‘chib kelganman. O‘sha yillari bu yerda hech qanday tanishim yo‘q edi. Faqatgina okeanortida yashaydigan bir-ikki do‘stim bor edi, xolos. Bu yerdagi muhitni yaxshi bilmasdim. Faoliyatimni boshlaganimda ko‘p vazifalarni o‘zim bajarishimga to‘g‘ri kelgan. Ingliz tilini yaxshi bilardim, ammo muloqotlarda mahalliy aholining shevasi yoki ayrim terminlarni umuman tushunmasdim. Bilmaganlarimni yozib olar va o‘rganishga harakat qilardim. Bora-bora bu yerdagi o‘zbeklar orasidan ijtimoiy tarmoqlarda tanishlar orttira boshladim.
Birinchi mijoz bilan ishlaganim meni shu qadar xursand qilganki, o‘sha kunni oilaviy bayram qilganmiz.
Qusurlardan xoli emasman
Yoshligimda sabr qilishni bilmasdim. Sabrli bo‘lishni yillar davomida o‘rgandim. Ba'zan jahlim tez chiqadi. Kimnidir shoshib xafa qilib qo‘yishim mumkin. Vaqt o‘tib, bundan afsuslanaman. Yana xodimlarimga juda ham talabchanman. Lekin hech qachon boshqalarga ovozimni ko‘tarib gapirmayman.
Shuningdek, tez-tez kitob mutolaa qilib turaman. Meni ko‘proq marketing, strategiya, psixologiya bilan bog‘liq kitoblar, shuningdek, tarixiy adabiyotlar qiziqtiradi. So‘nggi marta avtobiografik va sog‘lom turmush tarziga oid kitoblarni o‘qib chiqdim. Bundan tashqari audio kitoblar ham tinglab turaman.
Har ikki davlat dasturchilarining salohiyati deyarli bir xil
IT yo‘nalishida ish olib borayotgan iqtidorli yoshlar yurtimizda ham, “sehrli diyor”da ham ko‘p. Ularni solishtira olmayman. Chunki o‘zbekistonlik shunday yigitlarni bilaman, ular mashhur kompaniyalarda muvaffaqiyatli faoliyat olib boradi. Ayrim farqlarigina ishlash tartibi yoxud tajribasida ko‘rinishi mumkin.
Rivojlanishni to‘xtatib bo‘lmaydi
IT yo‘nalishi rivoj topa borgani sayin, o‘z-o‘zidan ba'zi kasblar barham topib boraveradi. Ha, afsuski, shunday. Bu bilan rivojlanishni, taraqqiyotni to‘xtatish ilojsizligini eslatib o‘tmoqchiman.
E'tibor bersangiz, bundan 15-20 yillar oldin, boring-ki, 10 yil avval Toshkent va yurtimizning boshqa mintaqalarida pul va pulga oid masalalarda faqat bank xodimlariga murojaat qilinardi. Hozir esa shu kabi yumushlarimiz bankomatlar orqali bitmoqda. Yoki bo‘lmasa, bugungi kunda xorijning ko‘plab shaharlarida yo‘l harakatini avtomatlashgan regulyatorlar, svetoforlar, radarlar bajaryapti.
Yaxshi jamoa ‒ 99 foiz muvaffaqiyat demak
Odatda, xodimlarni ishga qabul qilishida ikki jihatga asosiy e'tiborimni qarataman: ya'ni sohasini puxta egallagan yoki ishlayman deb astoydil harakat qiladigan, rag‘bat ko‘rsatadigan insonlar. Sababi, ular vazifalarni aniq, tez, xatosiz bajarishadi.
Umuman yaxshi jamoa 99 foiz muvaffaqiyat desa bo‘ladi. Chunki men hammasiga ulgurmayman. Men mijoz topaman, strategiya tuzaman, xodimlarga vaqtida maoshini beraman va hokazo. Asosiysi, jamoa bilan bir butunlikda ishlash.
Maslahat o‘rnida
Qaysiki ishni boshlagan bo‘lsangiz, o‘shani yakunlashga, ijobiy taraflama yakunlashga harakat qiling. O‘zingizga vaqt bering. Tanishingiz uy olsa, yangi, qimmatbaho avtomashina haydasa ham, siz shoshilmang. To‘g‘ri, sizda ular bo‘lmasligi mumkin. Lekin, hozircha. Bir kun kelib, siz harakatlaringiz, qilgan sabringiz evaziga og‘ayningiz minmagan mashinani minishingiz, unda yo‘q uyga ega bo‘lishingiz mumkin. Har bir odamning o‘z yo‘li, o‘z vaqti bor. Harakatda bo‘ling, bilimingizni oshiring. Kelajakda faqat raqobat muhitida o‘z ishining ustalarigina g‘alaba qozonadi.
To‘liq videoni UzbekLife’ning YouTube’dagi kanalida tomosha qiling.
Ufora Habibullayeva suhbatlashdi