Yakuniy imtihonlar va himoyalarni auditoriyada o‘tkazish tanlovi ustuvor – Abduvali Xoliqov

Jamiyat 08:12 / 23.05.2021 9597

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov Xpress.uz’ga bergan intervyusida OTMlarda bu yilgi yakuniy imtihonlar va bitiruv malakaviy ishlari himoyasi onlayn tarzda o‘tkazilishi yoki auditoriyalarda bo‘lishi borasidagi savolga javob berdi.

«Bugungi kunda oliy ta'lim muassasalarida an'anaviy tarzda ta'lim olayotgan talabalarning asosiy qismi – bitiruvchilar. Ko‘pgina OTMlarda bakalavrda o‘qiyotgan bitiruvchi kurs va magistraturaning 2-bosqichida o‘qiyotgan talabalarning o‘qishi onlayn shaklga o‘tkazilmagan. Yoki barcha kurs talabalarining darslari onlayn ta'limga o‘tkazilmagan OTMlar ham bor.

OTMlarda onlayn ta'limga o‘tilishi hududdagi vaziyatdan kelib chiqqan holda tuman, shahar sanitariya-epedimiologiya xizmati xodimlarining xulosalari bilan belgilangan tartibda amalga oshirilmoqda», deya ma'lumot berdi Abduvali Xoliqov.

Vazirlik rasmiysining so‘zlariga ko‘ra, 14 kunlik yoki undan uzoqroq karantin muddatlarining joriy etilayotgani va onlayn ta'limga o‘tilayotgani bitirish muddatlariga ta'sir ko‘rsatmaydi. Har bir OTM o‘z ilmiy kengashining qarorlari bilan bu jarayonlarni nazoratga olgan, vazirlik esa bu jarayonga oid ma'lumotlarni, statistikalarni to‘plab bormoqda.

«Talabalar “ta'lim onlayn olib borildi, endi yakuniy nazorat oflayn o‘tarkan. Bu to‘g‘rimi?” deb o‘ylashlari mumkin. Bu – hammasi to‘g‘ri. Yoshlar, avvalo, bilim olish uchun oliy ta'lim muassasasiga kirganini his qilishi kerak. Talaba OTMda qo‘yilgan tartib va talab bo‘yicha o‘qishi kerak. OTM ham faqat o‘zining manfaatini ko‘zlab, talabani o‘ylamasdan qaror qabul qilmaydi. Birinchi navbatda, ta'lim sifatini saqlagan holda ta'lim jarayonini boshlash va tugatish kerak.

Dars jarayonlari va yakuniylarni ham to‘la onlayn o‘tkazadigan bo‘lsak, bu ertaga boshqa muammolarni keltirib chiqaradi. Ya'ni yakuniy imtihonlarda talabaning bilimiga qarab baholash muvozanatdan chiqib ketib qoladi, o‘tgan yili shunday holat kuzatilgan. “Men yaxshi o‘qigandim, onlaynda yaxshi imtihon topshira olmadim”, “U platformaga umuman kirmagandi, yakuniyda shunaqa ball oldi” degan e'tirozlar bo‘lmasligi uchun barchasi ochiq-oydin auditoriyada bo‘lishi talaba uchun ham, oliy ta'lim muassasasi uchun ham to‘g‘ri bo‘ladi», deya qayd etdi Abduvali Xoliqov.

Bosh boshqarma boshlig‘ining ta'kidlashicha, agar OTM joylashgan hududda koronavirus bilan bog‘liq holat barqaror bo‘lmasa, unda imtihonlar va bitiruv malakaviy ishlari himoyasini onlayn tashkil qilish ham mumkin bo‘ladi.

«Agar biror hududda kasallik holatlari ko‘p bo‘ladigan bo‘lsa, imkoniyat mavjud bo‘lmasa, OTM imtihonlarni onlayn qilishi mumkin. 2020 yilda ham bu amalga oshirilgan. Lekin har holda sifatli himoya bo‘lishi, imtihonlarning sifatli o‘tishi va ikki tomonning ham rozi bo‘lishi lozimligini hisobga oladigan bo‘lsak, imtihonlarning auditoriyada bo‘lishi tanlovi birinchi o‘rinda turadi», dedi u Xpress.uz’ga bergan intervyusida. 

Ko‘proq yangiliklar: