Pulning o‘zi vaksina borasida global adolatni ta'minlamaydi

Jahon 13:20 / 23.05.2021 3095

Nyu-Yorkda joylashgan «Ochiq jamiyat» fondining jamiyat sog‘lig‘ini saqlash dasturi moliya bo‘limi guruhi rahbari Rozalind MakKenna koronavirus vaksinasining global taqsimoti borasida o‘z fikrlarini bayon etdi.

Mart oyida Janubiy Sudan koronavirusga qarshi vaksinaning ilk partiyasini qabul qilib oldi. Bu Buyuk Britaniya ilk vaksina dozalarini olganidan to‘rt oy o‘tib ro‘y berdi va vaksinalarning global taqsimotidagi sezilarli farqni ko‘rsatdi.

Agar bu muammolar yaqin orada hal qilinmasa – xalqaro tashkilotlar boshchiligida vaksinalarning global darajada shaffof va adolatli taqsim qilinishi – pandemiyaga qarshi ko‘riladigan har qanday choralar besamar ketishi mumkin.

Janubiy Sudanga vaksina COVAX dasturi bo‘yicha yetkazib berildi. Aynan shu dastur koronavirus testi, vaksinasi va undan davolanish bo‘yicha adolatli taqsimotni qilishda avangardlardan biri bo‘ldi. COVAX’ning urinishlarini Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Jahon banki va YUNISEF kabi xalqaro tashkilotlar qo‘llab turishibdi.

Biroq boy davlatlar zaxira to‘plashga kirishib ketgani bois bu boradagi ishlar rivoji sekinlashib qoldi. AQShda har kuni 2,1 million kishi emlanayotgan bo‘lsa, Janubiy Sudanda emlashlar soni atigi 1000tani tashkil etyapti. Umuman olganda, yuqori va o‘rta davromadga ega davlatlar shu paytgacha ishlab chiqarilgan 1,2 milliard vaksinaning 83 foizini sotib olishdi.

Amalda eksportga qo‘yilgan taqiqlar, zaxira to‘plash va ta'minot borasidagi yetishmovchiliklarning hammasini bir qilib olsak, COVAX AstraZeneca’ning yetkazib berilishi rejalangan vaksinalarining beshdan birinigina yetkazib bera olgan bo‘lib chiqadi. Bunday tempda ketilsa, boy davlatlar aholisini to‘liq emlab bo‘lganda kambag‘al davlatlar vaksinatsiyani endigina boshlayotgan bo‘ladi.

Jarayonni tezlashtirish uchun xalqaro taraqqiyot banklari kambag‘al davlatlarga vaksina, test va dori-darmon sotib olishi va tarqatishi uchun mablag‘ ajratib kelyapti. Jahon bankining o‘zi 12 milliard dollar ajratishni va'da qilgan. Lekin uning ajratish shartlari xavfni oshiryapti, bundan tashqari, ajratilgan mablag‘ nazorati sust bo‘lishi ehtimoli borligi ham hisobga olinsa, vaziyat ancha murakkab.

Birinchidan, Jahon banki vaksina yetib borishi uchun o‘z vakolatlaridan qanday foydalanishi borasida tushuntirish bergani yo‘q. Johnson & Johnson kabi farmkompaniyalar o‘z vaksinalarini notijoriy asosda taqdim qilishdan bosh tortganidan so‘ng bu masalaga aralashish vaziyat taqozosi bo‘lib qoldi. AQShning uch yirik farmkompaniyasi Pfizer, Moderna va Johnson & Johnson kompaniyalari sarmoyadorlariga yaqin kelajakda vaksinalar narxini oshirish borasidagi rejalarini ma'lum qilishdi. Shunday qilib, vaksina sotib olish va tarqatilishiga ajratiladigan 12 milliard dollar mablag‘ qay tarzda sarflanishi mavhumligicha qolmoqda. Shuningdek, Jahon bankining farmkompaniyalarni vaksina ishlab chiqarish texnologiyasi va nou-haularni baham ko‘rishga undash yo‘lidagi qadamlari ham hali aniq emas.

Undan tashqari, Jahon banki haligacha o‘z xarajatlarining shaffofligini ta'minlashga urinayotganini yoki davlatlar tomonidan vaksinalar aholining prioritetli guruhlariga yetib borishini ta'minlashni tushuntirishga harakat qilmoqda. Jahon bankiga yomon ishlab chiqilgan dasturlar va vaksinalarning noto‘g‘ri tarqatilishi misli ko‘rilmagan xarajatlar va adolatsiz natijalarga olib kelishi yaxshi ma'lum. Shu yilning yanvarida Livanda Jahon banki moliyalashtirgan ilk vaksina xaridi siyosatchilar tibbiyot xodimlari kabi yuqori prioritetli aholi qatlamidan farqli o‘laroq navbatsiz emlanishni boshlaganidan so‘ng to‘xtatildi.

Shaffoflik bu kabi qilmishlarning oldini olish uchun juda ham muhim, lekin Jahon banki voqealarning mana bunday rivojiga tayyor tursa ham bo‘laveradi: yaqinda Efiopiyada shu kabi loyiha tasdiqlandi va unda navbatni buzish oldindan ma'lum risk edi. Bank, shuningdek, vaksinaga nisbatan ikkilanish va shubhalar kuchli bo‘lgan Tunisda ham loyiha tasdiqlandi. Bularning bari dastur samaradorligiga putur yetkazadi.  

Bu loyihalar tezlik bilan ishlab chiqilmoqda. Biroq ko‘pincha Jahon bankining Vashingtondagi bosh ofisida loyihalashtiriladimi, mablag‘ qidirayotgan davlatlardami – vaksinatsiya dasturlari asosiy manfaatdor tomonlar ishtirokisiz amalga oshirilmoqda. Agar risk guruhidagilar vaksinatsiya dasturi, uni ishlab chiqish va monitoring qilishdan chetda qoladigan bo‘lsa, ularning emlanmaslik ehtimoli yuqori bo‘ladi.

Bu guruhlarga qochoqlar, mahbuslar hamda xarobalar va boshqa qiyin sharoitlarda yashovchi aholining boshqa qatlamlari kiradi. Masalan, Gretsiyada 70 mingdan ortiq qochqinlar milliy vaksinatsiya dasturidan chetda qoldi.

Myanmadagi rohingya va Hindistonning dalitlari (kasta tizimidagi eng quyi guruh) kabi ta'qibdagi kamchiliklar ham e'tibordan chetda qolish ehtimoli juda yuqori. Suriya kabi to‘qnashuvlar bor hududlar esa muammo tug‘dirishi aniq – hukumat bunday hududlardagi odamlarni umuman pisand qilmasligi ham mumkin.

Mamlakatlar ichidagi vaksinatsiya dasturlari kam himoyalangan guruhlarni muhofaza qilishni qamrab olishi darkor. Shundagina Jahon banki o‘z loyihalarini amalga oshirishda diskriminatsiyani bartaraf etish richaglarini qo‘llagan bo‘ladi. Vaksinani moliyalashtirishning istalgan ko‘rinishi uning adolatli va xavfsiz taqsimotiga bog‘liq bo‘lishi shart. Undan tashqari, bank boshqaruvi ta'kidlaganidek, bu loyihalar ustidan nazorat va monitoring bo‘lishi kerak.  

Bularning barchasi amalga oshishi uchun Jahon banki marginallashgan guruhlar bilan bevosita hamkorlik qilishi kerak. Ularning nuqtayi nazari va'da qilingan mablag‘ni sarflash uchun optimal yo‘l topishda hamda resurslarni maqsadsiz sarflash va vaksina dozalarini noto‘g‘ri yo‘l bilan taqsimlashga qarshi kurash orqali javobgarlikni ta'minlashda muhim ahamiyatga ega.

Vaksinani global darajada tarqatish missiyasi «kambag‘allikka uzil-kesil barham berish va umumiy farovonlikka hissa qo‘shish» bo‘lgan tashkilot uchun mashaqqatli sinov bo‘lyapti. Yaxshiyamki, Jahon banki buning uddasidan chiqadi deb umid qilishga asoslar bor. Jahon banki prezidenti Devid Malpass alohida belgisi vaksinaga yetishish hammaga teng bo‘lmagan koronavirus inqirozini «tengsizlik pandemiyasi» deb atadi.

Biroq muammoni yechish uchun pulni shunchaki sovurish ham yaramaydi. Buni shaffof, keng qamrovli va puxta o‘ylangan strategiya yordamida, kam muhofazalangan guruhlar manfaatlarini himoya qilgan holda hamda ularga nimadir noto‘g‘ri ketganda bong urish imkonini bergan tarzda amalga oshirish kerak. Ana shundagina sarflangan pullar bekor bo‘lmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: