YeOII doirasidagi savdoda notarif usullarini yaqinlashtirishning ijobiy jihatlari sanab o‘tildi

Iqtisodiyot 19:11 / 22.05.2021 10077

 21 may kuni Yevrosiyo iqtisodiy kengashining videokonferensiya shaklidagi navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish davomida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev jumladan, turli savdo to‘siqlarini bartaraf etish va tashqi savdoni tartibga solishning notarif usullarini yanada yaqinlashtirish bo‘yicha Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi hamda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) a'zo davlatlar bilan hamkorlikni kengaytirishga doir takliflarni ilgari surdi.

Ma'lumot uchun, notarif usullar tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solishning ma'muriy vositasi hisoblanib, eksport yoki importni cheklash, taqiqlash, olib kirish va olib chiqishni litsenziyalash va kvotalash, eksportni ixtiyoriy cheklash, texnik to‘siqlar, importga turli soliqlar va yig‘imlarni joriy qilish, eksportni subsidiyalash, kreditlash, demping kabilarni o‘z ichiga oladi. Bu o‘rinda notarif to‘siqlar raqobat muhitining yomonlashuviga, tashqi savdoni amalga oshirishda ko‘p vaqt sarfiga, shuningdek, tovar va xizmatlar narxining asossiz oshishiga olib kelishi mumkin.

Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti(SMTI) ilmiy xodimi Azimbek Najimovning fikricha, YeOIIga a'zo mamlakatlar bilan tashqi savdoni tartibga solishning notarif usullarini yaqinlashtirish hamda turli savdo to‘siqlarini bartaraf etish qator ijobiy jihatlarga olib kelishi mumkin.

Birinchidan, eksport va import jarayonlarida tovarlarni bojxona tekshiruvidan o‘tkazish uchun sarflanadigan vaqt va talab qilinadigan hujjatlar soni kamayadi. Natijada mahalliy tadbirkorlarning ittifoqqa a'zo mamlakatlar hududiga o‘z mahsulotlarini eksport qilish imkoniyati kengayadi. 

Ma'lumot uchun, 2020 yilda ittifoqqa a'zo mamlakatlar bilan O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi hajmi 8,8 milliard dollarga teng bo‘lgan.

Ikkinchidan, O‘zbekiston iqtisodiyotining investitsion jozibadorligi ortadi. YeOII aholisi 186 milliondan ortiqni, nominal yalpi ichki mahsuloti esa, Jahon bankining 2020 yilgi ma'lumotlariga ko‘ra, 2,15 trillion dollarni tashkil etuvchi yirik bozor hisoblanib, respublikaning mazkur iqtisodiy makonda erkin savdo qilishi uchun shart-sharoitlarning yanada yaxshilanishi xorijiy investorlarda O‘zbekiston iqtisodiyotiga investitsiya kiritish uchun rag‘batni oshiradi.

Uchinchidan, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshlik darajasi ortishiga xizmat qiladi. Jumladan, turli savdo to‘siqlarining bartaraf etilishi ichki bozorda raqobat kuchayishiga olib keladi. Bu esa milliy ishlab chiqaruvchilarni zamonaviy texnologiyalarni jalb etish orqali ishlab chiqarish jarayonini modernizatsiya qilish, mahsulot sifatini oshirish va tannarxini kamaytirishni yanada rag‘batlantiradi.

Mutaxassisning ta'kidlashicha, bunda eng muhimi, mazkur jarayon teng huquqlilik tamoyiliga asoslanib, faqatgina bir davlatning emas, balki barcha tomonlarning manfaatlarini hisobga olgan holda amalga oshirilishi va tashqi savdoni tartibga solishning notarif usullari barcha uchun muqobil bo‘lgan tarzda belgilanishi zarur.

Ko‘proq yangiliklar: