Andijon viloyat hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tomonidan tashkil etilgan mazkur forumning maqsadi Andijon viloyatida maktab bitiruvchilari hamda 30 yoshgacha bo‘lgan ishsiz yoshlarning bandligini ta'minlash, ularni kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha “Andijon viloyati tajribasi”ni keng targ‘ib etishdan iborat.
Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Andijon temir yo‘l vokzalida respublikamizining turli hududlaridan kelgan 200 nafarga yaqin ishtirokchilarning tantanali tarzda kutib olindi.
Mehmonlarga Zahiriddin Muhammad Bobur tabrigi sahnalashtirilgan holda namoyish etildi. Shundan so‘ng shoh va shoir haykalining poyiga guldastalar qo‘yildi.
Shundan so‘ng forum ishtirokchilari “Vodiy turizm markazi” deya nomlanadigan Xonobod shahri tomon yo‘l oldilar.
Bu yerda “Andijon oshlari” tanlovi tashkil etilib, unda 14 ta doshqozonda 14 ta hudud ishtirokchilari tomonidan “Andijoncha palov” tayyorlash tanlovi o‘tkazildi.
Bir vaqtning o‘zida yoshlar ishtirokida “Xonobod sihatgohi”ning sport maydonchasida “Street workout” musobaqasi tashkil etildi.
Kechki vaqtda Forum ishtirokchilarini bir-birlari bilan o‘zaro aloqalarni mustahkamlash maqsadida “Do‘stlik gulxani” atrofiga yig‘ildilar.
Shu kuni viloyatning Andijon, Asaka, Oltinko‘l, Baliqchi tumanlarida yoshlar uchun ko‘plab sport va ko‘ngilochar tadbirlarda o‘n minglab yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirning ikkinchi kuni mehmonlar Andijon shahridagi ijtimoiy-iqtisodiyot va pedagogika kolleji negizidagi tashkil etilgan “Aholini kasb-hunarga o‘qitish markazi”ga tashrif buyuradilar. Bu yerda imtiyozli kredit olib faoliyatini yo‘lga qo‘ygan uyushmagan yoshlar bilan, yosh sportchilar tomonidan ko‘rgazma tashkil qilinadi.
Bundan tashqari forum ishtirokchilari Andijon shahridagi IT-park faoliyati bilan tanishib, bu yerda robototexnika bo‘yicha respublika musobaqasida ishtirok etishadi.
Forum ishtirokchilari o‘rtasida“Yoshlar forumi” yoshlar hayoti video roliklar tanlovi va yana 14 nafar ishtirokchilar bilan “Kiber sport” musobaqasi o‘tkaziladi.
Viloyatning barcha tuman va shaharlarida forum doirasida ko‘plab tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.