Xorazmda fuqarolar plastik kartaga arzonlashtirilgan yog‘ ololmadi

Jamiyat 15:22 / 21.05.2021 8122

19 may kuni «Archazor» mahallasida aholiga 2 litrlik idishda paxta yog‘i arzonlashtirilgan narxda – 20 ming so‘mdan sotilgan. Ammo fuqarolar uni terminal yo‘qligi sababli, plastik kartaga xarid qila olishmagan, faqat naqd pulda olishga majbur bo‘lishgan. 

Xorazm viloyat hokimining 2021 yil 29 apreldagi 197-sonli yig‘ilish bayonnomasiga asosan, ichki bozorlarda narx-navolarning barqaror saqlanishini ta'minlash va viloyat hududida aholini uzluksiz ravishda arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari, xususan o‘simlik (paxta) yog‘i savdo-xarid korxonalari tomonidan paxta-to‘qimachilik klaster korxonalari tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida xarid qilinishi va iste'molchilarga kafolatli yetkazib berilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Shovot tumanida aholiga arzonlashtirilgan mahsulotlar “Savdo Xarid Tayyorlov” MChJ tomonidan yetkazib berilmoqda. Tuman hokimligi bergan ma'lumotga ko‘ra, ushbu korxonada onlayn nazorat kassa mashinasi, virtual kassa mashinasi va plastik karta bilan savdo qilish imkonini beruvchi terminal bor.

19 may kuni «Archazor» mahallasida paxta yog‘i tarqatilganda boshqa mahalladan terminalni olib kelish kechikkan, shu sababli plastik kartaga savdo qilish imkoniyati bo‘lmagan.

Shovot tumani hokimligi bunday holatning takror yuz bermasligi uchun arzonlashtirilgan mahsulotlar maxsus grafik asosida kuniga 5ta mahallaga navbatma-navbat yetkazilishi va terminal orqali plastik kartaga uzluksiz savdo qilish choralari ta'minlanishini ma'lum qildi.

Qo‘shimcha qilish joizki, O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalariga ko‘ra, turg‘un savdo shoxobchalarida va ko‘chma savdo obektlarida bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda to‘lovlarni qabul qilish bo‘yicha hisob-kitob terminalining mavjudligi ta'minlanishi, sotuvchi xaridorga xarid bilan birgalikda kassa chekini ham berishi shart.

Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: