Oliy ma'lumotli mutaxassislar vatanni nega tark etadi? Qozog‘istonlik ekspertlar qator sabablarni keltirdi

Jamiyat 20:46 / 21.05.2021 14874

Qozog‘istonda «miyalar ko‘chishi» tendensiyasi yillar davomida shakllangan jarayon. Koronavirus pandemiyasi bu holatni yanada tezlashtirdi, xolos. Odamlar professionallar sifatida talabgir bo‘lishni istashadi. Hatto, yaxshi hayot, yaxshi shart-sharoit va muhitni izlab, vatanning haqiqiy fidoyilari ham o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurtini tark etishga qaror qiladi. 365info.kz saytida shu haqda tahliliy maqola e'lon qilindi. Kun.uz muxbiri ayni mavzuda Davlat statistika qo‘mitasi Axborot xizmatiga murojaat qildi.

Qozog‘istondan ko‘chish

Mamlakat parlamenti deputati Aleksandr Milyutin Qozog‘istonni tajribali mutaxassislar tark etayotganidan o‘z xavotirini bildirib, «koronainqiroz»ga qaramay, 2020 yilda 2019 yilga nisbatan 3 baravar ko‘p tibbiyot xodimlari, 4 marta ko‘proq pedagoglar va 5 marta ko‘p texnik mutaxassislar respublikadan ko‘chib ketganiga doir ma'lumotlarni keltirgan.

Nima uchun ketishmoqda?

Uning so‘zlariga ko‘ra, buning qator sabablari bor. Ta'limning past sifati va qimmatligi, oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarning ishga  joylashishidagi murakkabliklar hamda yosh oilalar uchun uy-joy uchun ipoteka kreditlarini olish imkonsizligi shular jumlasidan.

Qozog‘iston ona kapitali hajmi va bolalar ta'lim muassasalari bo‘yicha Rossiyadan sezilarli ortda qolmoqda. Qolaversa, «shimoldagi qo‘shni»dagi singari oilani qo‘llab-quvvatlash dasturi ham mavjud emas.

Siyosatshunos Rasul Jumalining qayd etishicha, bu kabi muammolar ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlarga xos bo‘lib, birinchi marotaba muhokama bo‘layotgani yo‘q.

Rasul Jumali / Foto: 365info.kz

Uning fikricha, «miyalar» rivojlanmagan va xomashyoga ixtisoslashgan iqtisodiyotlardan sanoati rivojlangan mamlakatlarga ko‘chish orqali tark etadi. Butun dunyo «aqlli iqtisodiyot»ga o‘tayotgan holatda yangidan-yangi rekruting (yollash) texnologiyalari paydo bo‘lmoqda. Mutaxassislar har tomondan, jumladan Qozog‘istondan ham taklif etiladi».

Ta'lim va fan muammolari

Siyosatshunosning so‘zlariga ko‘ra, «deputat tomonidan qayd etilgan muammolar Qozog‘istonda haqiqatdan ham mavjud, deydi siyosatshunos. 2021 yilda dunyoning TOP-500 universitetlari orasiga Qozog‘istonning atigi 3ta oliy ta'lim maskani kira oldi. Umuman olganda, o‘qituvchilar va talabalarning ta'lim darajasi ancha past.

Ta'lim olish narxi baland, shuning uchun ham ko‘p yoshlar sifati yuqoriroq bo‘lgan Rossiya yoki Xitoy oliy o‘quv yurtlarida tahsil olishni ma'qul ko‘radi. Ko‘plari esa, oliy ta'limni yakunlagach, bu mamlakatlarda qolib ham ketadi.

Bunda ilm-fanni yetarli moliyalashtirmaslik muhim o‘rin tutmoqda. Sohaga Qozog‘iston YaIMning 1 foizdan kamroq qismi ajratilmoqda. Rivojlangan davlatlarda bu raqam 6-10 foizni tashkil etadi».

O‘qishni tugatganlar qayerda ishlasin?

«Miyalar ko‘chishi» muammosida mehnatni tashkil etish masalasi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Qozog‘istonda har yili turli soha mutaxassislaridan anchagina tayyorlanadi. Afsuski, mamlakat iqtisodiyoti shunday tuzilganki, ilk navbatda xomashyoga ahamiyat berilgan, ilmiy ishli texnologiyalar juda zaif rivojlangan. Shu bois, tizim o‘z ishining ustalariga ham ish topib bera olmaydi yoki ulardan samarali foydalana olmaydi.

Qozog‘istonga xizmat qilishni istaydigan vatanparvar yoshlar bo‘lishi mumkin, lekin ularning IT-texnologiyalari, muhandislik yoki arxitekturadagi ko‘nikma va qobiliyatlariga talab shunchaki yo‘q. Albatta, ayrim yirik kompaniyalarni istisno qilganda», - degan Jumali.

Kimdan o‘rnak olish darkor?

Siyosatshunos Qozog‘istonda hech bo‘lmaganda birmuncha rivojlangan davlatlardan o‘rnak olgan holda ilmiy infratuzilma tashkil etish zaruratini ta'kidlamoqda.

«Biz AQSh, Yaponiya yoki Janubiy Koreya kabi o‘ta rivojlangan davlatlarni mo‘ljal olish uchun juda ortda qolib ketganmiz. Bu davlatlar bizni allaqachon 40 yil ortda qoldirgan.

Bu borada Malayziya yoki Hindiston tajribasi bor. Hindistonga, aytaylik, ko‘pchilik ishonmagan. Lekin, ular Bangalorda «yangi texnologiyalar qishlog‘i» barpo qilishdi. Bugungi kunda Hindiston jahon IT-markazlaridan biri hisoblanadi.

Shuningdek, bu borada Belarusni ham misol keltirish mumkin. Uning mutaxassislari IT-sohasiga aralasha boshladi. Mamlakatning o‘zida Rossiyaning Skolkovosidagidek sharoitlar barpo etildi. Biroq, Rossiyada yuqori texnologiyalar parki kampaniyabozlikka aylanib ketdi. Shovqin ko‘p, samara deyarli nolga teng.

Bizda ham, masalan, Nazarboyev Universiteti laboratoriyasida xuddi shunday infratuzilma mavjud. Lekin bu, mamlakat miqyosida juda kam», - deydi siyosatshunos.

Koronavirus sabab emas

Ekspertga ko‘ra, koronavirus, karantin choralari joriy etilib, korxonalar yopila boshlagach, mamlakatdan tajribali mutaxassislar chiqib ketishi kuchayishiga shunchaki turtki bergan, xolos. Aslida, bu jarayon uzoq muddatli bo‘lib, tajribali mutaxassislarning ko‘chib ketish alomatlari ancha oldin boshlangan.

— maoshlarni oshirish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni yaxshilash kerak. Hatto Rossiyada ham bu masalada vaziyat birmuncha qoniqarli.

Shuning uchun ham men o‘z hayotini yaxshilashga va qadrli xodim bo‘lishga urinayotganlarni vatanparvarlik hissi yo‘qlikda ayblashga shoshilmas edim, - deya xulosa qilgan Rasul Jumali.

O‘zbekistonda migratsiya bilan bog‘liq vaziyat qanday?

Kun.uz muxbiri O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi Axborot xizmatiga murojaat qilib, so‘nggi 5 yilda o‘z yashash joyidan ko‘chib ketganlar, ularning necha foizi oliy ma'lumotli ekaniga doir savolga oydinlik kiritishni so‘radi.

Statistika qo‘mitasi taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, 2016 yilda 167.8 ming kishi ko‘chgan bo‘lsa, 2017 yilda bu raqam 175.7 ming kishini tashkil etgan. 2018-19 yillarda 2017 yilga nisbatan birmuncha pasayish qayd etilib, tegishli ravishda 174.8 ming va 169.5 ming kishi ko‘chgan. 2020 yilda ko‘chganlar sonida keskin o‘sish kuzatilgan va 203.6 ming kishini tashkil etgan.

Statistika qo‘mitasi Axborot xizmatining qayd etishicha, ko‘chib ketuvchilarning necha foizi xorijiy davlatga, qanchasi ichki migratsiyani tanlaganiga doir statistika yuritilmaydi. Bundan tashqari, ko‘chganlarning ma'lumoti (ta'lim darajasi)ga doir raqamlar ham alohida belgilanmaydi. Ya'ni quyidagi raqamlarning necha foizi oliy ma'lumotli mutaxassislar ekani, ularning qanchasi xorijda yashashni ma'qul ko‘rgani aniq emas.

Ko‘proq yangiliklar: