Jizzaxda YPX xodimlaridan qochgan haydovchi va unga «yordam»ga kelgan do‘stlari 10 sutkaga qamalishdi

Jamiyat 22:48 / 21.05.2021 3460

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida xizmat olib borayotgan YPX xodimining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmay qochib ketgan Kobalt mashinasi haydovchisi va unga «yordam»ga kelgan do‘stlari sud hukmiga ko‘ra, 10 sutka ma'muriy qamoq jazosini olgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 24 mart kuni davlat ahamiyatidagi 4R35 Jizzax-Gagarin avtomobil yo‘lining Sharof Rashidov tumani hududidan o‘tgan qismida Kobalt mashinasi YPX xodimlarining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmay, qochib ketgan. Xodimlar uning ortidan kuzatib borishayotganda haydovchi qo‘ng‘iroq qilib, do‘stlarini yordamga chaqirgan. Shundan so‘ng, haydovchining do‘stlari YPX xodimlarining yo‘lini to‘sib, ularning harakatlanishlariga xalaqit bergan.

Oxir-oqibat qochib ketgan haydovchi va uning do‘stlari ushlanib, ularga nisbatan ma'muriy kodeksning tegishli moddalari bilan bayonnoma tuzilib, ish sudga oshirilgan.

Huquqbuzarlarga tegishli ma'muriy ish Sharof Rashidov tuman sudida ko‘rib chiqilib, ularga nisbatan hukm o‘qilgan. Jumladan, haydovchi va uning bir do‘stiga 10 sutka qamoq jazosi tayinlangan. Yana bir do‘stiga esa bazaviy hisoblash miqdorining 5 barobari miqdorida jarima solingan.

Ko‘proq yangiliklar: