Jamiyat | 12:31 / 10.04.2025
6043
2 daqiqa o‘qiladi

Nurobodda mashinasini stadionda odamlar ustiga haydagan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Nexia haydovchisi futbolda jamoasi yutqazgani alamidan atrofdagilarning hayotini xavf ostiga qo‘yib, mashinani odamlar ustiga haydab borgan. Unga nisbatan bezorilik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Foto: YHXX

Samarqand viloyatining Nurobod tumanida Nexia mashinasini stadionga boshqarib tushib, odamlar ustiga haydagan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Kun.uz’ga YHXX axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, erkakka nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. U qamoqqa olingan. Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Haydovchi yigit futbolda jamoasining yutqazgani alamidan mashinasida stadionga chiqib, odamlar ustiga bostirib borgan. U qilgan ishidan pushaymonligini aytib, uzr so‘ragan.

Shu kabi holat oldinroq Sayxunobod tumanida ham sodir bo‘lgandi. O‘shanda futbol maydonida odamlar ustiga Captiva haydagan haydovchi bezorilikda ayblanib, 4,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgandi. Uning mashinasi esa jinoyat quroli sifatida topilib, davlat foydasiga musodara qilindi. Sudda da’vogarlar undan shikoyati yo‘qligini bildirgan. Biroq erkakning mashinasi old qismi bilan ikki nafar shaxsni turtib yuborib, voqea joyidan qochib ketgani og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholangan.  

Mavzuga oid