Ta'kidlanishicha, 2021 yil 1 iyundan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar va mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga haydovchilik guvohnomasini olish xarajatlari budjetdan to‘lab berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Shu yilning aprel oyidan boshlab fuqarolarni “Vatanparvar” tashkilotining “Haydovchilar tayyorlash va qayta tayyorlash kurslarida”“V”,“VS”, “S”, “D”, “E” toifalari bo‘yicha o‘qitilishi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, avgust oyidan e'tiboran “Texnik xizmat ko‘rsatish kurslari” tashkil etilib, yoshlar 5 xil hunar – vulkanizator, elektrik-akkumulyatorchi, gaz-elektr payvandchi, chilangar, avtoelektrik mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qitilishi mo‘ljallanmoqda.
2021 yil dekabr oyidan boshlab “Murakkab texnikalarni boshqarish kurslari” yo‘lga qo‘yilib, ushbu kurslarda yuk ortuvchi transport, avtogidroko‘targich, yuk mashinasi krani, g‘ildirakli traktor, bitta kovshli ekskavator texnikalarini boshqarish bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash boshlanadi.
"Temir daftar"da ro‘yxatda turganlar o‘zi yashab turgan tuman bandlik bo‘limiga, "Yoshlar daftari"da ro‘yxatda turganlar esa tuman Yoshlar ishlari agentligi bo‘limiga borib, imtiyozli o‘qishlari mumkinligi haqida yo‘llanma olishadi va shu yo‘llanma asosida "Vatanparvar" tashkiloti avtomaktablarida o‘qishadi.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 11 martdagi 132-sonli qaroriga asosan, ehtiyojmand yoshlarning o‘qish xarajatlarining 75 foizi tuman vasiylik kengashi hisobidan qoplab beriladi. Shu bilan birga, 10 foizini "Vatanparvar" tashkiloti qoplaydi, qolgan 15 foiz to‘lovni o‘quvchi o‘z hisobidan amalga oshiradi.
Ushbu xayrli ishning debochasi sifatida joriy yilning 10 mart kuni respublikamiz miqyosida “Yoshlar daftari”ga ro‘yxatga kiritilgan 56 nafar yoshlarga (har bir viloyatdan 4 tadan) “Vatanparvar” tashkiloti avtomaktablarida bepul o‘qish uchun sertifikat topshirildi. Hozirda ushbu yoshlarning o‘qish xarajatlari tashkilotning moddiy bazasi hisobidan to‘liq qoplanib, so‘nggi rusumdagi zamonaviy texnologiyalari bilan jihozlangan avtomototransport kurslarida tahsil olishmoqda. Shu bilan birga, ehtiyojmand yoshlarni o‘z ichiga olgan navbatdagi o‘quvchilar guruhlari ham shakllantirilmoqda. Tashkilot 2021 yilning oxirigacha 14755 nafar haydovchilar tayyorlashni rejalashtirgan. “Vatanparvar” tashkiloti nodavlat notijorat tashkilot sifatida bu borada Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi bilan ijtimoiy sheriklik asosida mustahkam hamkorlikni amalga oshirmoqda.