Samarqand viloyatida fermer xo‘jaligiga tegishli yerni 50 000 AQSh dollariga sotmoqchi bo‘lgan firibgarlar ushlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.
DXX hamda Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Samarqand viloyat boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, «D.» fermer xo‘jaligi rahbari I.T. va boshqalar oldindan til biriktirib, xo‘jalikning 1 gektar yerini firibgarlik yo‘li bilan sotayotganda ushlangan. Ular yerni fuqaro A.ga 50 ming dollar hamda 1 dona Nexia-3 avtomashinasi evaziga sotishni rejalashtirishib, undan 50 ming dollarni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan I.T. va boshqalarga nisbatan jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.