Qonunlar ishlamaganda... Poytaxtda tadbirkorlar o‘z mulklarini himoya qilishning g‘aroyib usulidan foydalanishmoqda

Jamiyat 21:37 / 20.05.2021 26859

Ular o‘zlariga tegishli reklama qurilmalariga qonunga ko‘ra o‘z mulklarini faqat sud qarori asosida buzib tashlanishi haqidagi eslatmani yozib chiqishdi.

«Ushbu reklama qurilmasi faqat sud qarori asosida demontaj qilinishi (buzilishi) mumkin. Asos: Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi 104-sonli qarori. Hurmatli prezidentimiz bizga yordam bering» – deyiladi shahar bo‘ylab ilingan bannerlarda.

Tadbirkorlarning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, kecha 19 may kuni Sergeli tumani bo‘ylab 5 dona ana shunday banner ilib chiqilgan, lekin ular o‘sha kuniyoq obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan demontaj qilib yuborilgan.

Tadbirkorlar bugun Toshkent shahri bo‘ylab yana 30 ta xuddi shunday bannerni ilib chiqishgan. Ular o‘zlarining mulk huquqi buzilayotgani haqidagi xabarlar prezidentga yetib borishidan va hech bir tashkilot e'tibor qilmayotgan bu qonunbuzarliklar to‘xtashidan umidvor.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda reklama bilbordlariga keng miqyosli «snos» e'lon qilinishi ortidan tadbirkorlarning tashqi reklama obektlari mahalliy hokimiyatlar tomonidan hech qanday hujjatsiz buzib tashlanayotgani haqida maqola chop etilgandi. 

Maqolada poytaxtdagi tashqi reklama biznesi egalarining o‘zlariga mulk huquqi bilan tegishli bo‘lgan, bahosi 300 million so‘mgacha turadigan 200 dan ortiq reklama konstruksiyalari noma'lum sabablarga ko‘ra buzib tashlanayotgani yoritilgan.

Shuningdek, ushbu harakatlardan jabr ko‘rgan tadbirkorlar nima uchun o‘zlariga tegishli tashqi reklama obektlari noqonuniy buzib yuborilmoqda deb hisoblayotganliklarini aytishgan.

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati hokimlik noqonuniy o‘rnatilgan reklama qurilmalarini olib tashlash o‘tgan yildan boshlangani va bu tadbir hozir ham davom etayotgani, agarda tadbirkorlarning qo‘lida hamma kerakli xulosa va hujjatlari bo‘la turib, mulki buzib tashlanayotgan bo‘lsa, albatta huquq-tartibot idoralariga murojaat qilishi mumkinligini bildirgan.

Lekin vaziyatga izoh bergan Chilonzor tumani hokimligi matbuot xizmati bu ishlar Toshkent shahar hokimi birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonovning tuman hokimlari va Toshkent shahar IIBBga yuborgan xati asosida tartibga solinayotganini ma'lum qilgan.

Tadbirkorlar ayni vaqtda o‘z qonuniy manfaatlarini himoya qilishni so‘rab prezident xalq qabulxonasi, Bosh prokuratura, ombudsman va biznes ombudsman, Toshkent shahar hokimliklariga murojaat qilishgan.

Shuningdek, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ham Toshkent shahrida o‘rnatilgan tashqi reklama obektlarini tartibga keltirish jarayonida qatnashayotgan barcha ishtirokchilarni qat'iy ravishda «Reklama to‘g‘risida»gi qonun va «Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida»gi 104-sonli qaror talablariga rioya qilishga chaqirgandi.

Ko‘proq yangiliklar: