Parkentlik dasturchilar oilasi: bolalar Android'ni o‘rganmoqda, ota va ona oflayn platforma yaratmoqchi

Jamiyat 19:45 / 20.05.2021 15747

Dasturlashni o‘rgatadigan BAA dasturi o‘zbekistonliklar uchun tekin

«Bir million o‘zbek dasturchisi» loyihasi e'lon qilingach, turmush o‘rtog‘im bilan loyihada qatnashish fikri tug‘ildi. Platformaning mukammalligi, xohlagan paytda ishdan bo‘sh paytingizda u bilan shug‘ullanish mumkinligi menga yoqdi va 2020 yil fevral oyida ro‘yxatdan o‘tdim. Bu loyiha aslida pulli, o‘zbekistonliklar esa tekin o‘rganishlari mumkin», deydi oila bekasi, mental arifmetika bo‘yicha xalqaro darajadagi murabbiy Gulnoza Xolova.

OMUC'da ishtirok etish shartlari haqida oilaning ikkinchi farzandi Bahrom gapirib berdi. Uning aytishicha, o‘zi ham dasturlashga yoshligidan qiziqqan. Shu sabab uzbekcoders.uz saytida berilgan bepul kurslarning Android ishlab chiqish yo‘nalishi bo‘yicha 3 oy o‘qib, 2 ta sertifikatga ega bo‘lgan.

«Birinchi bo‘lib xohlagan brauzeringizga kirib, uzbekcoders.uz deb yozasiz. Saytga kirasiz va ro‘yxatdan o‘tish tugmachasini bosasiz. Ro‘yxatdan o‘tish uchun Google akkauntingiz bo‘lishi kerak. Ism-familiyangizni yozib, akkaunt, parol va telefon raqamingizni kiritasiz. Bu orqali alohida profil yaratasiz. Profilingizda birinchi Udacity platformasi bilan bog‘lanasiz. Undan keyin 4 ta yo‘nalish: Android, FrontAnd, FullStack va Data analysis – ma'lumotlar tahlili chiqadi. Bu yo‘nalishlardan istalgan birini tanlab, tegishli videodarslarni ko‘rasiz. Darslarning 1-qismi yakunlanganidan keyin turli test va topshiriqlar berib, bilimingiz tekshiriladi va undan o‘tsangiz, ishtirokchi sertifikati beriladi. Darslarning ikkinchi yarmini yakunlab, yana bir imtihondan o‘tganingizdan keyin bitiruvchi sertifikatiga ega bo‘lasiz», deb tushuntiradi u.

Bu ikki sertifikatning ahamiyati haqida Gulnoza Xolova gapirib berdi: «Ishtirokchi va bitiruvchi sertifikatini olishdan maqsad OMUC loyihasi asosida Nanodegree imtihonlariga grant yutib olish. Bitiruvchi sertifikatini olganingizdan keyin elektron pochtangizga yakuniy imtihonlarda qatnashish imkoniga ega ekaningiz haqida xat keladi. Yakuniy imtihonlar 1 yilda 4 marotaba bo‘ladi va har safar 50 nafardan g‘olib saralab olinadi.

Uning aytishicha, Nanodegree kurslari OMUC'ning davomi. Bu orqali tanlagan yo‘nalishingizning qolgan bosqichlarini o‘qishingiz mumkin. Nanodegree diplomlari Google, AT&T, Autodesk, Sleforce va boshqa ko‘plab IT gigantlari tomonidan tan olinadi. Gulnoza Holova ham 2021 yil iyun oyida bo‘ladigan yakuniy imtihonlarda qatnashib, Nanodegree diplomlarini olishni niyat qilgan.

Gulnoza Xolova

«Silikon vodiysini ko‘rib kelsam deyman…»

«O‘zbekistondan ketish fikri bo‘lmagan. Lekin O‘zbekistondan tashqarida IT sohasini o‘z ko‘zim bilan ko‘rib, Amerikadagi Silikon vodiysiga borib, o‘shani jonli ko‘rib kelish niyatim bor. Xudo xohlasa, iyun oyida bo‘ladigan imtihonlardan o‘tib, Nanodegree grantini yutib olsam, bu sohani yana ham yaxshi o‘rganib, o‘zlashtirib, tajriba orttirish uchun chetga chiqib, o‘sha Silikon vodiysini ko‘rib kelish nasib qilar», deydi u.

Oilaning qolgan farzandlari ham dasturlashga qiziqish bildirib, uzbekcoders.uz saytida berilgan dasturlash darslarini o‘rganishni boshlagan.

«Men oilada to‘ng‘ich farzandman. Bir million o‘zbek dasturchilari loyihasida ma'lumotlar tahlili yo‘nalishi bo‘yicha o‘qib, hozir ham davom ettiryapman. Shu yo‘nalishda Toshkent davlat texnika universitetining axborot texnologiyalar yo‘nalishida o‘qiyapman. Kelajakda ham shu sohada ketib, o‘z kasbimning yetuk mutaxassisi bo‘lmoqchiman», deydi Hilola.

Oilaning uchinchi farzandi Barno esa OMUC'ning ma'lumotlar tahlili yo‘nalishini 3 oy muddatda o‘qiganini aytdi. U kelajakda ham shu sohani davom ettirmoqchi. Oilaning kenja farzandi Zumrad hali yoshi yetmagani sabab loyihada ishtirok etmayapti. Ammo dasturlash darslarini ko‘rib boryapti. U Android ishlab chiqaruvchisi yo‘nalishiga qiziqishi borligini aytadi.

«Texnika bilan tezkor hayotda hissiyotlar ham tez o‘tib ketadi»

Oila boshlig‘i Jasur Xolov innovatsion pedagogik texnologiya instituti monitoring bo‘limida ishlayapti. Bungacha Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining axborot texnologiyalari yo‘nalishida o‘qib, xalq xo‘jaligining bir necha korxonalarida, kasb-hunar ta'lim sohasida faoliyat olib borgan. Jasur Xolov OMUC'ning ma'lumotlar tahlili yo‘nalishida o‘qigan. U o‘zining muvaffaqiyatlarida ota-onasi hissasi kattaligini aytadi.

«Hech esimdan chiqmaydi, har safar bolalarimizga o‘yinchoqlar olayotganda xayolimizdan o‘tadi. Hozirda interaktiv deyilyapti, u yerda nomini ham bilmasdik. Otamiz futbol, hokkey o‘yinlarini ukam bilan ikkovimizga olib kelib bergani, vaqt ajratib, har bitta bo‘limlarini tushuntirib, birga o‘ynaganlari bizning hayotimizda muvaffaqiyatlarga sabab bo‘lgan. Pul miqyosida olsak, u o‘yinlar hozirgi netbuk yokt iPhone 12 kabi edi va u hamma joyda ham bo‘lmasdi», deydi oila boshlig‘i.

Jasur Xolov

Jasur Xolov dasturchimi yoki injyenermi badiiy adabiyotdan uzoqlashmasligi kerakligi va o‘zi ham farzandlarini ham doim kitobga yo‘naltirishini aytdi.

«Dasturchi yoki injyenerlar badiiy adabiyotni chetga surib qo‘yishadi. Bu katta xato. Har bir soha vakili ham biror hayotiy muammoni hal qiladi. U muammoni hal qilganda, o‘shaning ichiga kirishi kerak. Badiiy adabiyot o‘sha obrazlarga kirishga, muammolarni tushunishga yordam beradi. Texnika bilan tezkor hayotda hissiyotlar ham tez o‘tib ketadi. Real hayotda ham bu odamni mehrsizroq qilishga sabab bo‘ladi deb o‘ylayman», deydi Jasur aka.

«Hozir ham o‘rganaman degan o‘quvchiga dasturlashni bepul o‘rgatishga tayyorman»

Gulnoza Xolova Parkent tumanida o‘zi ishlaydigan maktabda o‘quvchilarga dasturchilikni bepul o‘rgatyapti.

«Bugungacha pulli kurs xayolimga kelmagan. Hozir qo‘shni tumanlardan ham dasturchilikni o‘rgatish bo‘yicha taklif tushyapti. Bir ishni astoydil vijdonan bajarsangiz, Alloh tomonidan ham qaysidir eshikdan, siz kutmagan joydan yengillik bo‘ladi. Qizimiz hozir 1-kursda o‘qiydi. Yaqinda Toshkent davlat texnika universitetiga o‘qishga kirdi. Avval kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinganini bildik. Albatta, bizga o‘xshagan oila uchun kontrakt og‘irlik qiladi. Allohning mo‘jizasini qarangki, o‘qishga kirganiga bir hafta bo‘lmasdan o‘qishga kirganini qaytadan tekshirib ko‘rish kerakligi haqida e'lon qilindi. Kirib ko‘rdik, qizimiz Umarboyeva Hilola o‘qishga grant asosida qabul qilingani haqida ikkinchi marta xabar keldi. Mana, hamma narsaning moddiy tomonini o‘ylash ham bo‘lmaydi», deydi ona.

Gulnoza Xolova OMUC loyihasida qatnashib, sertifikat olayotganlarga nisbatan odamlar negativ kayfiyatda ekanini aytadi: «Bizga bu sertifikatlaring nima qilib beradi? Masalan, buni men yoki farzandim o‘qisa, sertifikat olsa, bu bilan nima bo‘ladi, qayerlarga o‘tadi, qayerlarga o‘qishga kirish mumkin, deb savollar berishadi. Albatta, farzandim IT sohasida ketmaydi, biznesmen yoki tadbirkor bo‘ladi deb ham o‘ylashi mumkin. Lekin dasturchilik bolalarni o‘ylashga, fikrlashga undaydigan yo‘nalish.

Hozir ham buni o‘rganaman degan o‘quvchiga tayyorman. O‘zim informatikadan dars beraman qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnida kompyuter savodxonligi bo‘lsa, o‘shanga yo‘naltiraylik deb qo‘limdan kelganicha xo‘jayinim bilan harakat qilyapmiz. To‘garagimning ham asosiy maqsadi shu bolalarning kelajakda biror bir kasb egasi bo‘lib, oilasini boqishi uchun sababchi bo‘lib qolish. Insonni inson qiladigan fazilatlar ham odamlarga yaxshilik qilish, yaxshilik ulashish deb o‘ylayman», deydi Gulnoza opa.

«Oflayn rejimga moslangan dasturlashni o‘rgatish rejasini ishlab chiqyapmiz»

Gulnoza Xolova hozir OMUC loyihasida ishtirok etayotganlar ko‘paygani sabab Udacity platformasiga kirish qiyinlashganini aytdi. Bunga sabab O‘zbekistonda internet tezligining pastligi. Shu muammoni qisman yechish maqsadida u turmush o‘rtog‘i bilan oflayn rejimga moslangan dasturlashni o‘rgatish rejasini ishlab chiqishayotganini aytdi.

«Hozir ona sifatida mening birinchi vazifam farzandlarimni nazorat qilish. Birinchi tartib-intizom bo‘lishi kerak. Masalan, farzandingizga biror yumush aytdingizmi, albatta, uni bajargan yoki yo‘qligini nazorat qilish kerak. Men bunda ko‘proq ota-onam tajribasiga suyanaman. Bizning paytimizda telefon, kompyuter bo‘lmagan. Lekin ota-onam bizni biror yumush bilan band qilishni uddasidan chiqqan. Masalan, men chevarchilik qilaman. Onamdan o‘rganganman», deydi u.

Zuhra Abduhalimova, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi – Mirvohid Mirrahimov

Ko‘proq yangiliklar: