Andijonda radar o‘rnatilgan “Neksiya-3”ning davlat raqami berkitib qo‘yilganmidi?

Jamiyat 22:44 / 20.05.2021 19564

Kun.uz ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida Andijon viloyati YHXB bilan bog‘landi. Boshqarma matbuot xizmati vakili Diyor Abdurazzoqovning ma'lum qilishicha, videolavhada aks etgan voqea 2021 yil 11 may kuni Marhamat tumanida sodir bo‘lgan. Uning bildirishicha, voqea butunlay boshqacha talqin qilingan. Ya'ni Andijon viloyati IIB YHXB YPXB inspektori K.Jalilov xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida “Mersedes” rusumli avtomashina haydovchisi transport vositasining davlat raqam belgisini yashirgan holda to‘xtash taqiqlangan joyda to‘xtaganligi sababli haydovchi O.M.dan tegishli hujjatlarini so‘ragan vaqtida haydovchi xodimga faol qarshilik qo‘rsatib hujjatlarni taqdim etmagan. Shu vaqt oralig‘ida bir necha fuqarolar to‘planib, xodimning xizmat olib borishiga to‘sqinlik qilishgan. Videolavhada ham ayni shu vaqtdagi tortishuv aks etgan.

D.Abdurazzoqovga ko‘ra, K.Jalilov holat yuzasidan tuman IIB boshlig‘i nomiga bildirgi bilan murojaat qilgan. Natijada tuman IIB xodimlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, hujjatlar qo‘rib chiqish uchun JIB Marhamat tuman sudiga yuborilgan.

12 may kuni mazkur holat yuzasidan sudning ochiq majlisi bo‘lib o‘tib, bir necha fuqarolar MJtKning turli moddalari bilan ma'muriy javobgarlikka tortilgan, xususan, O.M.ga BHMning 3 baravari miqdorida, K.M. va Sh.A.ga 1 baravari miqdorida, M.J.ga 2 baravari miqdorida jarima jazosi, F.X., A.T., A.Yu.ga nisbatan 5 sutka va M.M. hamda B.N.ga 3 sutka ma'muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan.

Radar o‘rnatilgan “Neksiya-3”ning davlat raqami berkitilgani haqidagi gap-so‘zlarga to‘xtalar ekan, D.Abdurazzoqov videoda aks etgan davlat raqamini to‘sib qo‘ygan moslama aslida avtomobilga o‘rnatilgan radarning himoya vositasi ekanini va u odatda davlat raqamini berkitib turmasligini, balki davlat raqamidan yuqoriroqda joylashtirilishini, fuqarolarning avtomobilga teginishi natijasida ushbu moslama ham davlat raqamining ustiga qulab tushganini bildirdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, radar o‘rnatilgan xizmat avtomobillarining davlat raqamini berkitishdan ma'no yo‘q va odatda bunday avtomobillar davlat raqami berkitilmagan holda faoliyat yuritadi. U agarda videodagi moslama radarning himoya vositasi ekaniga shubha qilinadigan bo‘lsa, istalgan boshqa shunday avtomobilning old tomoniga qarab ko‘rishni taklif qildi va ularda ham xuddi shunday moslama o‘rnatilganini ta'kidladi.

Ko‘proq yangiliklar: