Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi bir nechta savollar asosida tadbirkorlik sub'yektlarining reytingini doimiy yangilab boradi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
«MDH mamlakatlarida o‘xshashlari bo‘lmagan mazkur o‘rganishlarning maqsadi bo‘lib tadbirkorlik sub'yektlari (ishtirokchilar) tomonidan iste'molchilar huquqlarini himoya qilish, iste'molchilarning reyting ishtirokchisi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash darajasini aniqlash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududida iste'molchilar huquqi ustuvorligi ta'minlaganlik darajasi to‘g‘risida ommabop ma'lumotlarni shakllantirish hisoblanadi», – deyiladi rasmiy xabarda.
Ma'lum qilinishicha, tadbirkorlik sub'yektlarining reytingini aniqlash uchun anketaga quyidagi kabi savollar kiritilgan:
- Tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan sotilayotgan mahsulotlar (ish, xizmatlar) to‘g‘risida iste'molchilarga to‘liq va to‘g‘ri ma'lumot taqdim etilyaptimi?
- Iste'molchilarning shikoyatlariga qanchalik e'tibor qaratilyapti?
- To‘lovlarni amalga oshirishning qanday yo‘llari (to‘lov tizimlari, HUMO/UzCARD/ Visa terminallari) mavjud?
«2021 yilning o‘tgan 4 oyida agentlik 11 mingdan ortiq murojaatlarni ko‘rib chiqdi, 2,8 milliondan ortiq iste'molchilarning huquqlari himoya qilindi va 53,3 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ qoplandi. Mazkur ma'lumotlardan ko‘rinib turibdiki, iste'molchilar tomonidan qo‘ng‘iroqlar soni ortib bormoqda va shu bilan birga ularga yetkazilgan zarar ham ko‘paymoqda.
Iste'molchilar murojaatlarining tahlili, asosan, yirik savdo majmualari faoliyatidan norozi bo‘lgan shikoyatlar sonining ko‘pligini ko‘rsatmoqda», – deyiladi agentlik xabarida.
Reyting doimiy asosda shakllantiriladi va agentlik rasmiy veb-saytida joylashtirilib boriladi.