Talabalar va yosh olimlarning xalqaro ilmiy-amaliy forumida Rossiya, Ukraina, Turkiya, Hindiston, Qozog‘iston, Tojikiston va O‘zbekistondagi bir qator tibbiyot oliy o‘quv yurtlarining 700 dan ortiq talabalari hamda yosh olimlari qatnashdi.
Konferensiya ochilish marosimida Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori, professor Jasur Rizayev, Istanbul madaniyat universiteti rektori Gulfettin Celik (Turkiya), Ujgorod milliy universiteti rektori Vladimir Smolanka (Ukraina), Privoljsk tadqiqot tibbiyot universiteti rektori Nikolay Karyakin (Rossiya), Ternopol milliy tibbiyot universiteti rektori Mixail Korda (Ukraina), Ijyevsk davlat tibbiyot akademiyasi rektori Aleksey Shklyayev (Rossiya), Qozoq milliy tibbiyot universiteti rektori Talgat Nurgojin (Qozog‘iston), Tojik milliy tibbiyot universiteti rektori Mahmadshox Gulzoda (Tojikiston), Qozon davlat tibbiyot universiteti Farmatsiya instituti direktori Ruslan Mustafin (Rossiya), Toshkent farmatsiya instituti rektori Kamol Rizayev (O‘zbekiston), “Salamah Medical Tourism Pvt.Ltd” kompaniyasi rahbari Mahbood Afzal (Hindiston) so‘zga chiqdi va anjumanning ahamiyati haqida fikr bildirishdi.
Yalpi majlisda zamonaviy tibbiyot va farmatsiyaning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan ma'ruzalardan so‘ng anjumanning asosiy ishi shu'balarga bo‘lingan holda davom etdi.
Ularda klinik farmakologiya, fundamental farmakologiyada zamonaviy yutuqlar, stomatologiya, otorinolaringologiya va oftalmologiyada zamonaviy yondashuvlar, yurak-tomir kasalliklarini davolashda innovatsion va pretsezion (aniq) texnologiyalar, terapevtik va yuqumli kasalliklarning sabablari va ularni davolashda yosh olimlarning qarashlari, nevrologiya, psixiatriya, sport tibbiyoti va reabilitatsiyaning dolzarb masalalari, pediatriyada tashxis va davolash usullarini takomillashtirishda innovatsion texologiyalardan foydalanish, akusherlik, ginekologiya va reproduktiv tibbiyot, eksperimental va fundamental tibbiyot, xirurgiya, neyroxirurgiya, urologiya va travmatologiyaning dolzarb masalalari, jamoat tibbiyoti, gumanitar fanlar va pedagogika, yosh olimlarning dolzarb tadqiqotlari, posterli ma'ruzalar kabi yo‘nalishlarda talabalar va yosh olimlarning 300 dan ortiq ma'ruzalari eshitildi. Ularning chiqishlarini xolisona baholash uchun har bir shu'bada hay'at rayosati ishladi. Xalqaro konferensiya hay'at a'zoligiga talabalarning ham kiritilishi bu yilgi anjumanning ahamiyatini oshirdi.
Konferensiya tashkilotchilari tomonidan 1500 dan ziyod ilmiy tezislar qabul qilinib, ular maxsus to‘plam shaklida “Gepato-gastroenterologik tadqiqotlar” xalqaro jurnalida chop etildi.
Shuningdek, konferensiya doirasida «Universitet 3.0» konsepsiyasini joriy qilish, farmatsevtika sohasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, ilmiy sohani amaliyot bilan bog‘lash va ilm-u fan yutuqlarini pullash samaradorligini oshirish maqsadida Samarqand davlat tibbiyot institutining “MEROS PHARM”, «INTEGRA DD», «SAMARKAND ENGLAND ECO MEDICAL» (qo‘shma korxona) kompaniyalari va “Samarqand dori-darmon” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Samarqand davlat tibbiyot instituti matbuot xizmati