Farg‘ona NQI zavodi AI-95 benzini ishlab chiqara boshladi, bu haqda zavod matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xabarga ko‘ra, ushbu mahsulot «Farg‘ona NQIZ» MChJ tomonidan so‘nggi paytlarda zavodda yo‘lga qo‘yilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida o‘zlashtirilgan.
So‘nggi ikki oy ichida «FNQIZ»da «EVRO-4» standartidagi dizel yonilg‘isi va B-92 markali yuqori oktanli aviatsiya benzini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
«Zavodda ilgari ishlab chiqarilayotgan AI-95 markali yuqori oktanli avtomobil yonilg‘isiga keladigan bo‘lsak, «FNQIZ» mutaxassislari uning yangi formulasida faqatgina gidrokatalitik jarayonlarning tarkibida oltingugurt miqdori kam bo‘lgan sifatli birikmalardan foydalangan bo‘lib, ular ish rejimi va atrof-muhit haroratidan qat’i nazar, dvigatellarning normal ishlashini ta’minlaydi. O‘zbekiston Respublikasi tovar xomashyo birjasi orqali savdoga qo‘yilgan AI-95 benzini xossalari yanada yaxshilangan va chiqindi gazi bilan zaharlanish darajasi past bo‘lgan oliy navli benzin sirasiga kiradi. Yangi ishlanmalar ustida ishlash va «Farg‘ona NQIZ»ni modernizatsiya qilish ishlari davom ettirilmoqda», deyiladi zavodning rasmiy xabarida.
Avvalroq, 80 markali benzin narxi qimmatlagani xabar qilingandi, o‘tgan haftalar mobaynida ushbu turdagi benzin narxi 4,3 foizga oshdi. Bu jahon bozorida narx qimmatlagani bilan izohlanmoqda.