18 mln dollar. «O‘zbekko‘mir» 2020 yilgi zarari sabablarini ochiqladi

Iqtisodiyot 21:25 / 19.05.2021 13114

Yaqinda, 2020 yilda O‘zbekistonda eng ko‘p zarar va foyda ko‘rgan korxonalar ro‘yxati e'lon qilindi. Ro‘yxatda «O‘zbekko‘mir» AJ yilni 182 mlrd so‘m zarar bilan yakunlagani keltirilgan. Kun.uz mazkur holat sabablariga aniqlik kiritish maqsadida Energetika vazirligi bilan bog‘landi.

Vazirlikning ma'lum qilishicha, o‘tgan yili korxonaning 18 mln dollar miqdorida zarar ko‘rishiga ikkita asosiy sabab mavjud. 

«Birinchidan, 2020 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, valuta kreditlari bo‘yicha asosiy qarz qoldig‘i 92,3 million AQSh dollarini tashkil qilgan. Dollar kursi oshishi natijasida 2021 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, 102,2 milliard miqdorida kurs bo‘yicha farq yuzaga keldi.

Ikkinchidan, koronavirus pandemiyasi sababli 2020 yilning I yarim yilligida sanoat korxonalari tomonidan elektr energiyasi iste'moli keskin pasayib ketishi kuzatildi. Buning natijasida issiqlik elektr stansiyalari, xususan, «Yangi Angren IES» va «Angren IES» AJ tomonidan ko‘mirga bo‘lgan ehtiyoj keskin pasayib ketdi.

Natijada prognoz qilingan 4,3 million tonna atrofidagi mahsulotni sotish bo‘yicha reja bajarilmagan. Amalda 3,9 million tonna mahsulot sotilgan va shuning uchun 81,6 milliard so‘m miqdorida foyda olinmay qolgan», deyiladi manba xabarida.

«Yangi Angren IES» va «Angren IES» AJ korxonalaridagi ishlab chiqarishda ko‘mir muhim o‘rin tutadi. Ularda ko‘mirga bo‘lgan talabning pasayishi ushbu mahsulotni ishlab chiqarish hajmiga keskin ta'sir qilishi mumkin.

Ma'lumot uchun, «O‘zbekko‘mir» AJ tomonidan 2021 yilning 1-choragida ko‘mir qazib olish 1 million 351 ming 700 tonnani tashkil qildi. O‘tgan 4 oy davomida iste'molchilarga 1 million 655 ming tonna ko‘mir yetkazib berilgan.

Ko‘proq yangiliklar: