Tibbiyot birlashmalari faoliyati yetarli darajada tashkil etilmagan tumanlar tanqid qilindi

Iqtisodiyot 19:02 / 18.05.2021 13381

Joylarda o‘tkazilgan so‘rovlarda aholining bor-yo‘g‘i 13 foizi tibbiyotda ijobiy o‘zgarishlarni sezayotganini bildirgan. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot sohasidagi vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan videselektor yig‘ilishida aytib o‘tdi.

«Ayniqsa, Andijon, Xorazm va Toshkent viloyatlarida yashovchi aholi bu sohadagi ishlar ahvolidan norozi. So‘nggi bir yil ichida tibbiy xizmat sifatini oshirishga qaratilgan 20dan ortiq farmon va qarorlar qabul qilinib, barcha masalalar hal qilib berildi. Joriy yilda budjetdan 21 trillion so‘m ajratildi (2017 yilga nisbatan 3 baravar ko‘p).

Lekin, vazir o‘rinbosarlarining mas'ul uchastkasi, masalani hal qilishda vakolati bo‘lmasa, fidoyi bo‘lib, pastga tushib bevosita mahallada ishni tashkil qilmasa, islohotlar aholigacha yetib borishi qiyin.

Shu bois, bugundan boshlab barcha vazir o‘rinbosarlari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha, islohotlar natijadorligiga mas'uliyatni to‘liq olgan holda, shaxsan javob beradi.

Shuning uchun, bugun vazir va uning o‘rinbosarlari muammmolarni yechish va hal qilish bo‘yicha o‘z taklif va rejalarini aytishi kerak», – deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Amrillo Inoyatov tuman oilaviy shifokor punkti va poliklinikalarda xizmatlar sifatiga, ularni jihozlashga hamda birlamchi bo‘g‘in tibbiyot xodimlarining bilim va malakasini oshirishga shaxsan mas'ul etib belgilangan.

«Tuman va shahar hokimlari bir narsani aniq tushunib olishlari zarur. Agar, ular qo‘shimcha mablag‘ ajratib, o‘z hududidagi oilaviy shifokor punkti va poliklinikalarda sharoitni yaxshilasa, malakali shifokorlarni ko‘paytirsa, aholining 70 foiz muammolari joyida hal bo‘ladi.

Misol uchun, Kitob tumanida xatlov natijasiga ko‘ra, bir oy ichida uchinchi va to‘rtinchi guruhga mansub (surunkali kasalligi bo‘lgan) 20 turdan ortiq kasalliklar bo‘yicha, 1,5 ming nafar bemorlarga joyida kerakli yordam ko‘rsatilgani bois, viloyat va respublika shifoxonalariga murojaat 2 baravarga kamaygan.

Karmana va Boyovut tumanlari, Kattaqo‘rg‘on va Chirchiq shaharlarida ham aholi bilan «mahallabay» tizimda ishlash o‘z samarasini bermoqda», degan prezident.

Aksincha, 20ta tumanda tibbiyot birlashmalarining ishlari yetarli darajada tashkil etilmagan. Bular Qorovulbozor, Chiroqchi, Qamashi, Qo‘ng‘irot, Chimboy, Marhamat, Jalaquduq, Zarbdor, Mingbuloq, Pop, Oqdaryo, Sayxunobod, Angor, Pskent, Yuqori Chirchiq, Yozyovon, Uchko‘prik, Yangiariq, Xiva, Sergeli tumanlari.

Ko‘proq yangiliklar: