Jahon bankining O‘zbekiston bilan yangi hamkorlik dasturi ishlab chiqiladi

Iqtisodiyot 07:58 / 18.05.2021 6491

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse–prezidenti Anna Berde boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Muzokaralar chog‘ida Jahon bankining O‘zbekiston bilan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan yangi hamkorlik dasturini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi. Dastur uchun asos sifatida mamlakat islohotlar dasturining ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, davlat korxonalari va banklari, moliya sohasi, energetika, uy-joy kommunal xo‘jaligi va transport, qishloq xo‘jaligi, ta'lim va sog‘liqni saqlash, shuningdek, xususiy sektor va kichik biznes sohasidagi islohotlar qabul qilinadi.

Investitsiya loyihalari va startaplarni amalga oshirishda yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlik istiqbollari qayd etildi.

Bank rahbariyati “Mozori-Sharif – Kobul – Peshavor” temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirish uchun amaliy ko‘mak berishga va loyihada ishtirok etish uchun boshqa xalqaro moliya institutlarini jalb etishga tayyorligini bildirdi. Jahon banki tomonidan, shuningdek, dala tadqiqotlari o‘tkazilishi moliyalashtirilib, loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishi uchun texnik yordam ko‘rsatiladi.

Tomonlar joriy yil oxirigacha bank tomonidan ma'qullanishi maqsadida qishloq joylardagi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda shaharlarni rivojlantirish va urbanizatsiyaga qaratilgan yangi loyihalarni birgalikda ishlab chiqishni jadallashtirishga kelishib oldi.

Hududlarda sanoat siyosatini samarali amalga oshirish va eksport mahsulotlarini chet el bozorlariga ilgari surishning yangi strategiyasini ishlab chiqishda Jahon banki tomonidan texnik yordam ko‘rsatilishiga kelishildi.

Ko‘proq yangiliklar: