Jahon banki O‘zbekistonga 300 mln dollarga yaqin mablag‘ ajratadi 

Iqtisodiyot 08:48 / 18.05.2021 8438

Joriy yil 17 may kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida bosh vazir o‘rinbosari - iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Anna Berde bilan uchrashdi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, Jahon banki va O‘zbekiston hukumati o‘rtasidagi muzokaralar yakunida «O‘zbekistonda suv ta'minoti xizmatlari sektorini rivojlantirish va uni institutsional qo‘llab-quvvatlash» loyihasi bo‘yicha moliyaviy va grant bitimlari imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Loyihani amalga oshirish uchun Jahon banki tomonidan 239 million AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit, shuningdek, Shveytsariya davlat kotibiyatining iqtisodiy masalalar bo‘yicha 7,8 million AQSh dollari miqdoridagi granti ajratiladi.

Loyiha doirasida O‘zbekistonning uchta hududida 500 mingdan ortiq kishi suv ta'minoti va kanalizatsiya xizmatlaridan yanada sifatli foydalana oladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida Nukus, Taxiatosh va Xo‘jayli shaharlarida kanalizatsiya-tozalash inshootlarini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, Sirdaryo viloyati va Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida suv ta'minoti va kanalizatsiya tarmoqlari kengaytirilib, rekonstruksiya qilinadi.

Shuningdek, «O‘zbekistonda milliy innovatsion tizimni modernizatsiya qilish» loyihasi bo‘yicha moliyaviy bitimlar imzolandi. Loyihani amalga oshirish uchun Jahon banki tomonidan 50 million AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratiladi.

Jahon banki tomonidan qo‘llab-quvvatlangan yangi loyiha hukumatga bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlashga qodir bo‘lgan milliy innovatsion tizimni rivojlantirishga yordam beradi. Bu ilmiy va innovatsion mahsulotlar va xizmatlarni ilmiy-tadqiqot hamda tajriba-konstruktorlik ishlanmalari va tijoratlashtirish sohasida davlat, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydi.

Ko‘proq yangiliklar: