O‘tgan hafta davomida, ya'ni 10–16 may kunlari "O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi"ning barcha savdo platformalarida 1,2 trln so‘mlik tovarlar sotilgan bo‘lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 29,1 foizga kam.
O‘tgan hafta birjaning paxta yog‘i bozorida narxlarning pasayish holatlari kuzatildi. Xususan, 10-12 may kunlari birja savdolari orqali 1 462,0 tonna paxta yog‘i sotilgan.
O‘tgan uch kun mobaynida barcha navli paxta yog‘ining kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 16,8 mln so‘mdan 14,7 mln so‘mgacha, ya'ni 12,4 foizga pasaydi.
Shakar bo‘yicha ichki talab o‘sishda davom etmoqda. Bu narxning ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. Hafta davomida birja savdolariga 9 300,0 tonna shakar qo‘yildi va ushbu hajmning barchasi, ya'ni 100 foizi sotilgan.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda shakarning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 7,2 mln so‘mdan 7,5 mln so‘mgacha, ya'ni 3,6 foizga ko‘tarildi.
Birjaning sement bozorida ichki talabning o‘sishiga qaramasdan barqarorlik saqlanmoqda. Savdolarda ishtirok etgan xaridorlarning o‘rtacha kunlik soni avvalgi haftaga nisbatan 2,4 foizga o‘sib, 714ta ishtirokchini tashkil qildi.
O‘tgan haftada birja savdolariga 161 026,0 tonna sement qo‘yildi va ulardan 140 970,0 tonnasi, ya'ni 87,5 foizi sotildi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 46,9 ming tonnani tashkil qildi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda sementning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 567,2 ming so‘mdan 571,9 ming so‘mgacha, ya'ni 0,8 foizga o‘sdi.
O‘tgan haftada birjada avtomobil benzinining narxi biroz pasaydi. Narxlar pasayishiga sotuvchi-korxonalar tomonidan boshlang‘ich narxlarning pasaytirilgani o‘z ta'sirini o‘tkazdi.
Sotuvchi-korxonalar AI-80 markali avtomobil benzinining boshlang‘ich narxlarini mahsulotning bir tonnasi uchun o‘rtacha 6,6 mln so‘mdan 6,6 mln so‘mgacha pasaytirdi. AI-80 markali avtomobil benzinining o‘rtacha kunlik narxi ham mos tarzda 6,69 mln so‘mdan 6,68 mln so‘mgacha pasaydi.