«Ular oddiy, samimiy inson ekanini eshitgandim» - Prezident bilan uchrashgan bemorlarning onalari taassurotlari

Jamiyat 11:57 / 17.05.2021 11928

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ushbu muassasalardagi bemor bolalar va ularning ota-onalari bilan uchrashib, ularning kayfiyat va taassurotlari bilan qiziqdi.

Sabrina — Yo‘l harakati xavfsizligi faxriy xodimi

Prezident bilan uchrashuvda «katta bo‘lsam «GAI» xodimi bo‘laman» degan qizaloq Namangan viloyati Chust tumanidan kelgan Sabrina Insofaliyeva bo‘lib, 2003 yil tug‘ilgan. Kuni kecha Ichki ishlar vazirligi mas'ullari yo‘l harakati xavfsizligi xodimi maxsus libosi, IIV YHXBB faxriy a'zolik guvohnomasi hamda esdalik sovg‘alar bilan tashrif buyurishdi.

Ikki yildan beri o‘ng son orqa yuzasi neyrogen sarkomasi tashxisi bilan davolanib kelayotgan qizaloqqa prezident bilan yuzma-yuz suhbatda chet eldan o‘ng chanoq-son bo‘g‘iniga protez olib kelish va'da qilindi. 

Sabrina onasi Feruza Muhsinova bilan. (Foto: SSV Matbuot xizmati).

«Prezidentimiz bilan uchrashish yetti uxlab tushimizga kirmagan edi. Alloh mushkulimizni davlatimiz rahbari orqali oson qilishni taqdir qilgan ekan. Bugun qizimning quvonchdan dardlari arigandek bo‘ldi. Shunchalik e'tibor berib, har bir bemorning ehtiyojini o‘rganib, ularni muhayyo qilishga tayyor turgan insonlar sabab og‘ir dard bilan kurashayotgan bolamning ko‘zlari kulganini ko‘rish nasib qilganiga shukr qilyapman. Qizimning shifo topishi uchun mehnati singgan barcha tibbiyot xodimlaridan cheksiz minnatdormiz. Kasb-korlaridan  elning rahmatini olib yurishsin», — deydi Feruza opa Muhsinova.

«O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarib kelgan qizim senmisan?»

Nodirabegim markaz bo‘lim mudiri Tojiddin Mustafoyev bilan. (Foto: SSV Matbuot xizmati).

«Prezidentimiz kelganlarida men muolaja olayotganim sabab yonlariga chiqa olmagandim. Hech kutilmaganda o‘zlari «Sochida O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarib kelgan qizim senmisan?» deb palatamizga kirib kelganlarida o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim», — deya gap boshlaydi bolalar bo‘limining 9-palatasida davolanayotgan Nodirabegim Qosimova. 

Nodirabegim asli badiiy gimnastika bilan shug‘ullangan. Ushbu sport turi bo‘yicha Rossiyaning Sochi shahrida o‘tgan xalqaro musobaqada gran-prini qo‘lga kiritib kelgan. Keyinchalik oyog‘ida o‘simta borligi taxmin qilinib, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga yotqizilgan.

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining sog‘ligini tiklash uchun davlat tomonidan ajratilgan order tizimi oilaning joniga oro kirdi. 

Foto: SSV Matbuot xizmati.

«Bu shifoxonaga kelganimizga ko‘p bo‘lmadi. Prezidentimiz bilan uchrashuvga chiqqanimizda ular hammaning hol-ahvoli va ehtiyojini so‘rab qoldilar. Menga navbat yetganida xijolat tortdim.

Mening-ku to‘rt mucham sog‘, qizimning ortidan kelgan bo‘lsam. Nodira qizim palatada qolgan edi. Prezidentimiz «unda palatasiga borib ko‘ramiz», dedilar. Esdalik uchun suratlarga tushilganidan so‘ng, meni chaqirganlarida shoshib qoldim. Hammadan ajralib, davlat rahbari bilan qizimning palatasiga yo‘l oldik. Ularning oddiy samimiy inson ekani haqida eshitgan edim. Bir bemor qizning ko‘nglini ko‘tarish uchun qilgan alohida e'tiboriga guvoh bo‘lib, bunga yana bir bor amin bo‘ldim», — deydi Nodirabegimning onasi Komila Ataxanova.

Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida davolanayotgan bolalar (Foto: SSV Matbuot xizmati).

Surxondaryo viloyati Qiziriq tumani «Rabotak» mahallasida yashovchi Qambartosh Bo‘tayeva o‘g‘li Murodbekni Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga olib kelgan.

Surxondaryolik Qambartosh Bo‘tayeva o‘g‘li Murodbek bilan. (Foto: SSV Matbuot xizmati).

«Bu dunyoda hech kimning farzandi kasal bo‘lmasin ekan. Har gal murg‘ak bolajonimning mungli ko‘zlariga qarasam, tengdoshlari kabi bolalikning bebaho damlaridan bahra ololmayotganini ko‘rsam, yurak-bag‘rim eziladi.

Shunday kunlarda davlatimiz rahbari shaxsan oldimizga kelib, bizdan hol-ahvol so‘ragani, o‘g‘lim Murodbekka mehr va e'tibor ko‘rsatganliklari ona sifatida ko‘nglimni tog‘dek ko‘tarib yubordi. Muhtaram prezidentimizning tashriflari shifoxonada dilbandining tezroq sog‘ayishini kutayotgan men kabi mushtipar onalar uchun unutilmas voqea bo‘ldi. Barchamizda yana kelajakka umid uyg‘ondi.
Ayniqsa, prezidentimizning «Bolajonlarning salomatligi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz. Surxondaryoda ham davolanish uchun kerakli shart-sharoitlarni yaratib beramiz. Murodbek hali katta yigit bo‘lib, menga xat yozadi» deya aytgan so‘zlaridan ko‘zlarim quvonch yoshiga to‘ldi.

Bayram sovg‘asi sifatida kitoblar, planshet va turli shirinliklar berilgani bolajonimga bir olam shodlik ulashdi. Eng quvonarlisi, ana shu kundan beri o‘g‘limning ruhi tetiklashib, salomatligi yaxshi tomonga o‘zgarib bormoqda. Fursatdan foydalanib, davlatimiz rahbariga cheksiz minnatdorlik bildiraman. Shuningdek, ushbu shifoxonadagi fidoyi, qo‘li yengil shifokor va hamshiralarga ham katta rahmat aytaman», — deydi u.

Farzandida tez-tez kuzatilgan isitma, ishtahasizlik, holsizlik belgilari nukuslik Mehribanning onasi Rayhan opa Aralbayevani qattiq xavotirga solib qo‘ygan. 

Qoraqalpog‘istonlik Mehriban va onasi Rayhan Aralbayeva. (Foto: SSV Matbuot xizmati).

Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida olib borilgan bir necha davo muolajalaridan so‘ng Mehribanning ahvoli ancha yaxshilangan. 

«Mana yetti oydirki, qizim og‘ir dard bilan kurashadi. O‘tgan vaqt ichida bolam bir necha jiddiy davolanish kurslarini boshdan o‘tkazdi. 

Kuni kecha prezidentimiz holimizdan xabar olib, qizim va menga ruhan dalda bo‘lganliklaridan boshimiz osmonga yetdi. Ochig‘i, bu quvonchni, ayni paytdagi his-hayajonimni ta'riflash mushkul. Davlatimiz rahbari shifoxonada davolanayotgan har bir bemor bolakay va onalar bilan samimiy muloqot qilib, mehr va e'tibor ko‘rsatganliklari, «Sizlar hammangiz – mening farzandlarimsiz. Sog‘ayib ketishingiz uchun hamma choralarni ko‘ramiz», deya aytgan so‘zlari bizlarga yanada kuch bag‘ishladi. Ayniqsa, qizim Mehriban prezidentimiz bilan bo‘lgan uchrashuv taassuroti va quvonchini mana uch kundirki, ichiga sig‘dirolmaydi. Ilohim, dunyoda hech bir onaning farzandi kasal bo‘lmasin!» — deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi «Taslaq» mahallasida yashovchi Rayhan Aralbayeva.

Ko‘proq yangiliklar: