BMT qayta tiklanayotgan Xitoy va AQSh iqtisodiyoti tufayli 2021 yildagi global iqtisodiy o‘sish prognozini qayta ko‘rib chiqishga qaror qildi va 5,4 foiz deb belgiladi. Biroq COVID-19 kasalligining ko‘payishi va ko‘plab mamlakatlarda vaksinalarning yetarli darajada mavjud emasligi qayta tiklanishga tahdid solmoqda.
BMT yanvar oyida 2021 yilgi global iqtisodiy o‘sish 4,7 foizga yetishini prognoz qilgandi. Biroq tashkilot prognozini o‘zgartirdi va 5,4 foiz deb belgiladi, bunga AQSh va Xitoy boshchiligidagi bir necha yirik iqtisodiyotli davlatlarda vaksinaning tez sur'atlarda tarqalishi hamda global savdoda tovar va mahsulot ishlab chiqarish hajmi pandemiyadan oldingi holatiga qaytgani bilan izohlanmoqda.
Ammo BMT bu dunyo iqtisodiyotining qolgan qismini tiklash uchun yetarli emasligi va Janubiy Osiyo, Sub Saharian Afrika va Lotin Amerikasi hamda Karib dengizi havzasidagi mamlakatlarning iqtisodiy istiqbollari zaif va noaniq bo‘lib qolishidan ogohlantirdi.
BMTning global iqtisodiy monitoring bo‘limi boshlig‘i Hamid Rashidning so‘zlariga ko‘ra, 5,4 foiz iqtisodiy o‘sishning juda yuqori darajasi hisoblanadi, ammo bu yilgi tiklanish o‘tgan yilgi yo‘qotishlarni deyarli qoplamayapti va o‘sish juda notekis va noaniq.
«AQSh iqtisodiyoti bu yil 6,2 foizga o‘sishi kutilmoqda, bu 1966 yildan buyon mamlakat iqtisodiyotining eng tez o‘sishi bo‘lishi mumkin. Shuningdek, Xitoy iqtisodiyoti taxminan 8,2 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda.
Iqtisodiyotni tiklashning asosiy omillaridan biri bu sarmoyalar hisoblanadi. AQSh kabi ba'zi mamlakatlarda o‘tgan yili investitsiyalar 1,7 foizga kamaydi, ba'zi rivojlangan mamlakatlarda investitsiyalar YaIMning 4 foizigacha yoki undan ham ko‘proq miqdorda kamaydi.
Koronavirus pandemiyasining iqtisodiy ta'siriga qarshi kurashish uchun 16 trillion AQSh dollari miqdoridagi rag‘batlantirish global iqtisodiyotning to‘liq pasayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun juda zarur edi, ammo bu sarmoyalarning o‘sishiga olib kelmadi», – dedi u.
BMT 2022 yilgi global iqtisodiy o‘sishni 4,7 foiz deb prognoz qilmoqda.