17 may kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Mudofaa vazirligi axborot xizmati rahbari Bahrom Zulfiqorov vazirlik faoliyatiga doir savollarga javob berdi. Vazirlik mas'uli bir oylik armiyaga safarbarlik badalini to‘lashga oilaviy sharoiti yetmagan chaqiriluvchilarni xizmatga olmaslik choralari ko‘rilishini ma'lum qildi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
«O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 martdagi PQ-4630-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish bo‘yicha komissiyalar faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida»gi nizomga muvofiq, har yili mart-aprel oylari davomida mudofaa ishlari bo‘limi huzurida tuman (shahar) hokimining o‘rinbosari raisligida Hududiy komissiya tuziladi.
Mazkur komissiya o‘z ish faoliyatini chaqiriluvchilarning shaxsiy hujjatlar yig‘ma jildlarini o‘rganishdan boshlaydi.
Bunda komissiya tomonidan asosiy e'tibor chaqiriluvchilarning tibbiy ko‘rik xulosasiga, ularning ma'naviy va kasbiy xususiyatlariga, oilaviy, moddiy sharoitiga, oila a'zolarining ijtimoiy holatiga qaratiladi. O‘rganish jarayonida tibbiy ko‘rik xulosasiga ko‘ra, harbiy xizmatga yaroqli bo‘lib, lekin oilaviy-moddiy sharoiti og‘ir bo‘lgan chaqiriluvchilar aniqlangan hollarda, Hududiy komissiya tomonidan ularni safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olmaslik choralari ko‘riladi», — dedi vazirlik mas'ul xodimi.
Shuningdek, vazirlik rasmiysi qanday hollarda kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tayotganlar oilaviy sharoitiga ko‘ra xizmat joyini o‘zgartirishi mumkinligiga oydinlik kiritdi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarning harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 133-bandiga asosan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchini oilaviy sharoitiga ko‘ra yangi xizmat joyiga o‘tkazish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
- Harbiy tibbiy komissiya xulosasiga muvofiq, harbiy xizmatchi oila a'zolarining (eri, xotini, farzandlari va harbiy xizmatchining qaramog‘idagilar) ushbu joyda yashash imkoniyati bo‘lmaganda;
- yashash joylaridagi mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘lim organi komissiyasining xulosasiga muvofiq, doimiy o‘zgalar parvarishiga (yordamga, nazoratga) muhtoj va harbiy xizmatchining parvarish qilish imkoni bo‘lgan boshqa aka-ukalari bo‘lmagan taqdirda, alohida yashovchi otasi, onasi (shu jumladan, eri, xotini)ni doimiy parvarishlash uchun.
Avvalroq Mudofaa vazirligi Rossiya qo‘shinlari O‘zbekiston hududida joylashtirilishi ehtimolini rad etib, Rossiya bilan hamkorlik dasturi bo‘yicha xavotirlar asossizligini ma'lum qilgandi.