Oliy ta'lim muassasalarida chet tillari yo‘nalishidagi fakultetlarda qabul kvotalari ikki baravarga, grant o‘rinlar soni uch baravarga oshiriladi. Bu haqda xalqaro press-klubning «Xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha yangi tizim — kelajak uchun mustahkam poydevor» nomli sessiyasida Yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari Farrux Omonov ma'lum qildi.
Direktor o‘rinbosarining qayd etishicha, shu davrga qadar 25ta oliy ta'lim muassasasida chet tili mutaxassislari uchun 8000ta kvota ajratilgan bo‘lsa, endilikda ularning soni ikki baravarga oshiriladi. Ya'ni qabul kvotalari 16000taga yetkaziladi va grant o‘rinlar soni 3 baravarga oshiriladi. Ingliz tilidan dars beruvchi mutaxassislar uchun metodikani o‘rgatish maqsadida «El-yurt umidi» jamg‘armasi tomonidan ham alohida kvotalar ajratilmoqda.
Shuningdek, oliy ta'lim muassasasiga kirish istagida bo‘lgan yoshlar uchun til o‘rganadigan xususiy o‘quv markazlarining kamligi va ularda narxlarning ancha qimmat ekanligi ham tahlil qilindi.
«Respublikadagi til o‘rganish markazlarini, ya'ni nodavlat ta'lim muassasalarini tahlil qilganimizda ular asosan shahar va viloyat markazlarida joylashgani ma'lum bo‘ldi. Bunday hududlardan uzoqlashilgani sari bunday markazlar soni kamayib boraveradi. Davlat rahbari tomonidan ham faqatgina davlat ta'lim resurslari bilan cheklanib qolmasdan, nodavlat ta'lim muassasalari kuchidan ham foydalanish, ularni ko‘paytirish haqida topshiriq berildi», dedi Farrux Omonov.
Yaqinda tashkil etilgan Xorijiy tillarni ommalashtirish agentligi tomonidan 10ta tilni ommalashtirish bo‘yicha ish olib borishi yo‘lga qo‘yiladi. Bu orqali davlat va nodavlat sektoridagi o‘quv kurslarida xorijiy tillarni o‘rgatish qo‘llab-quvvatlanadi va pulli o‘quv kurslariga bo‘lgan talab qondiriladi.
Eslatib o‘tamiz, 6 may kuni prezident boshchiligida o‘tkazilgan chet tillarini o‘qitish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tashkil etilishi ma'lum qilingan edi.
Bu agentlik dunyoda samarali natija bergan o‘qitish metodikalari, dastur va darsliklarini ta'lim tizimida joriy etib, xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirishga ko‘maklashadi. Ta'lim muassasalari, tarmoqlar va hududlarning ehtiyojidan kelib chiqib, kamida 10ta (ingliz, rus, nemis, fransuz, xitoy, koreys, yapon, turk, arab, fors) chet tilini o‘rgatishni tashkillashtiradi.
Bundan tashqari, mazkur yig‘ilishda har bir tuman hokimlariga maktablardagi chet tili xonalarini kerakli jihozlar bilan ta'minlash uchun 1 mlrd so‘mdan mablag‘ ajratish haqida ko‘rsatma berildi.