Samarqand viloyati Payariq tumani hududidagi yo‘llardan birida «Damas» haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetida turgan bolani urib yuboradi. Oqibatda bola og‘ir tan jarohatlari olib, shifoxonada vafot etgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, 9 may kuni soat 21:30larda mahalliy ahamiyatdagi 4K496 avtomobil yo‘lining Payariq tumani «Gulzor» MFY hududidan o‘tuvchi 5-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Mazkur yo‘lda harakatlanib kelayotgan «Damas» haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetida turgan 9 yoshli bolani urib yuborgan. Oqibatda bola og‘ir tan jarohatlari olib, shifoxonada vafot etgan.
- So‘nggi kunlarda respublikaning turli hududlarida yirik yo‘l-transport hodisalari ko‘p kuzatilmoqda. 8 may kuni Farg‘ona viloyatida, 10 may kuni Qashqadaryo viloyatida ro‘y bergan YTHlar oqibatida 6 va 7 nafardan odam halok bo‘lgandi, 11 may kuni esa Qoraqalpog‘istonning Nukus shahri yaqinida 3ta avtomobil ishtirokidagi mudhish yo‘l-transport hodisa natijasida 6 kishi halok bo‘ldi. 12 may kuni Norin tumanida Nexia, Damas hamda UAZ mashinalari ishtirokida sodir bo‘lgan avtohalokatda 2 kishi halok bo‘lgan.