Mirishkorlik maktab direktori qonunga xilof ravishda ishdan bo‘shatilgani isbotlanib, o‘z lavozimiga tiklandi

O‘zbekiston 08:51 / 14.05.2021 2193

Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani 11-sonli maktab sobiq direktori Shomurod Ernazarov viloyat Xalq ta'limi boshqarmasi tomonidan noqonuniy ishdan bo‘shatilganligi isbotlanib, o‘z lavozimiga tiklandi. Bu haqida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) matbuot kotibi xabar berdi.

Xabarda yozilishicha, Sh.Ernazarov 9 yillik rahbar tajribasiga ega. U 2020 yilda ishdan bo‘shatilgan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi shahar tumanlararo sudi hamda Qashqadaryo viloyati fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati apellyatsiya instansiyasi holatni o‘rgangan. Shundan keyin Oliy sudning fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'atiga murojaat qilgan.

Oliy sud sudyalari J.Tirkashev, R.Ismaylov va J.Rasulovlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan sud majlisida fuqaro tomonidan taqdim etilgan hujjatlarga asosan o‘rganib, uni ishdan bo‘shatishda asos sifatida keltirilgan hujjatlar belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagani, unda qalbaki ko‘rsatmalar mavjudligi hamda tegishli Xalq ta'limi boshqarmasi tomonidan mehnat qonunchiligini qator moddalari qo‘pol ravishda buzilganligi aniqlangan. Qolaversa, Ombudsmanning Qashqadaryo viloyat vakili tomonidan taqdim etilgan hujjatlar, Sh.Ernazarov maktab direktori lavozimiga tayinlangan davrdan to 2020 yilgacha biror marotaba ham Xalq ta'limi boshqarmasi tomonidan intizomiy jazoga, xizmat yuzasidan ogohlantirish yoki ma'muriy javobgarlikka tortilmaganini o‘rgangan holda qaror qabul qildi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oliy sudning Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati birinchi instansiya sudi va Qashqadaryo viloyati sudining ushbu xodim bo‘yicha chiqargan qarorlari bekor qildi. Shuningdek, Shomurod Ernazarovni Qashqadaryo viloyati xalq ta'limi boshqarmasining ishdan bo‘shatish haqidagi buyrug‘i noqonuniy deb topilib, sobiq direktorni o‘z lavozimiga tiklash bo‘yicha qaror qilingan hamda murojaatchiga, majburiy «progul» uchun 19 mln so‘mga yaqin kompensatsiya undirilishi belgilangan. 

Ko‘proq yangiliklar: