Farg‘onada 200 dollar pora bilan qo‘lga tushgan bog‘cha mudirasiga jazo tayinlandi

O‘zbekiston 11:06 / 14.05.2021 2642

Ma'lum qilinishicha, departamentning viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbirlar o‘tkazilgan. Ularda Toshloq tumanidagi davlat MTT mudirasi fuqaro D.T.ni 0,5 stavka ishga olish uchun undan 200 dollar miqdorida pora talab qilgan va jinoyat ustida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Shuningdek, Qo‘qon shahridagi 64-ixtisoslashtirilgan davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti mudirasi E.I. ham 2020 yilning iyun oyida tug‘uruq ta'tilidan qaytib, ishlash istagini bildirgan M.M.dan pora olishga uringan vaqtida kimyoviy ishlov berilgan pullarni pora tariqasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Bog‘cha mudiralari Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilib, ularga ikki yil muddatga mansabdor va moddiy javobgarligi bo‘lgan lavozimlarda ishlamaslik va uch yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Qayd etilishicha, departament xodimlari tomonidan Furqat tumanidagi davlat bog‘chalaridan biri o‘rganilganda 2016—2020 yillar davomida aslida ishlamagan 9 nafar shaxsga ish haqi yozilib, budjet mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari aniqlangan.

Avvalroq, Farg‘onada bog‘chalarga yetkazib berilayotgan go‘sht mahsulotlari sifati qoniqarsiz ekani aniqlanganligi yuzasidan xabar berilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: