– Murodjon aka, yoshingiz nechada, nima sabab bo‘lib oyoqlaringiz harakatlanmay qolgan?
– 1973 yilda tug‘ilganman. Bolaligimda qizamiq kasalligiga chalinganman. Ota-onam aytib berardilar: 1,5 yoshimda devorlarga suyanib yura boshlaganman va qizamiq kasalligiga chalinganimdan keyin doktorlar kelib, «vanna qiling», deyishgan. Onam vanna qilganlaridan keyin, Allohning irodasi bilan umuman yurolmay qolgan ekanman. Ota-onam o‘tib ketishgan. Oilada 5 qiz, bir o‘g‘ilmiz, eng kichigi menman. Otamning ko‘zi ojiz bo‘lgan. Onam savob uchun ularga turmushga chiqqanlar. Onamning o‘zi sog‘lom bo‘lganlar. Otam 20 yil mobaynida to‘shakka mixlanib qolgandilar va onam ularni ana shu yillar davomida parvarishlaganlar.
– O‘zingizga ish jadvali ham tuzib olgan bo‘lsangiz kerak?
– Aravachada yuraman, o‘zim chiqib ketaman, uyga qaytganimda eshikni ochib berishadi, o‘zim kiraman. Masjidga ham o‘sha aravachada boraman. Ish grafigim oddiy, ertalab namozdan so‘ng chiqib ketaman, tushlikda soat birda uyda bo‘laman. Asr namozini o‘qib bo‘lib yana shomgacha ishlayman, kechqurun ishga chiqmayman. Juma kuni dam olish...
Bir kunda toza 100 ming so‘m topaman, shukr, tirikchiligimga yetadi, kimgadir og‘irligim tushmaydi. Onam hayotlik paytlarida hamma “pat-pat” deydigan mashinaga [motokolyaska] navbatga yozdirib qo‘ygandilar. Sobiq SSSR payti edi. «Zaporojyets» mashinasiga ham navbatga yozdirganlar. Shu bilan SSSR tarqalib ketdi, mashina ham ololmadik. Kosiblik sexi bor edi, bizning uyimizda ustalar ijarada turib ishlashardi. O‘shalar bilan birga oyoq kiyim tikib, 2 ming dollar pul yig‘ib, birinchi mashinam – «Tiko»ni olganman. Uni 10 yil haydadim, undan so‘ng «Nexia» haydadim. Tirikchiligim asosan, mana shu kirakashlikdan. O‘zimni o‘zim ta'minlayman.
Ko‘rib turganingiz to‘rtinchi mashinam. «Tiko»ni olganimda ikki yil uyda turgan. Chunki qo‘lga moslashtira olmaganman, ustasini topa olmaganman. Va nihoyat ustasini topdim va hammasini qilib berdi.
– Nega lavha suratga olamiz deganimizda yuzingizni ko‘rsatishni xohlamadingiz? Axir biz sizni ibrat qilib ko‘rsatishimiz kerak. Hozirgi kunda sog‘lom bo‘la turib, birovga boqimanda bo‘lib o‘tirgan insonlar ham yo‘q emas oramizda. Siz esa hayotga optimistik ko‘z bilan qaraysiz.
– To‘g‘ri aytasiz, bir odamga bo‘lsa ham ibrat bo‘lish kerak, albatta. Lekin yuzimni ko‘rsatishni xohlamaganligimning ham o‘ziga yarasha sabablari bor. Aslida, meni ko‘pchilik taniydi. Mahallada, boshqa joylarda... Endi ibrat olaman degan inson olaveradi. O‘ziga bog‘liq. Toshkent bo‘yicha nogiron holida avtomobil boshqarayotgan bitta men emasman, bor bunday yigitlar. Ustalar taniydi, aytib qolishadi. Qolaversa, o‘z holatimni ko‘rsatishdan andisha bor edi...
– Yo‘lda “GAI” xodimlari to‘xtatishi mumkin, xohlaymizmi-yo‘qmi, ish faoliyatingiz noqonuniy.
– 570 ming nafaqa puli olaman, birinchi guruh nogironiman, ishlash mumkin emas aslida menga. Ish stajingiz ko‘p bo‘lsa, pensiya ham ko‘proq olasiz. Men shu masala bo‘yicha murojaat qilib borganman, menga litsenziya bering, stajim uchun deb. 1-2-guruh nogironlariga litsenziya berilmas ekan. «Unda men nima qilaman?» deganimda «Birortasi boshingizni qotiryaptimi, bemalol ishlayvering», deyishgan. “GAI” xodimlari ham necha marta to‘xtatgan bo‘lsa, hurmat qilib, tushunib, yana qo‘yib yuborishadi, hatto uzr so‘rashadi.
Haydovchilik guvohnomasi olishim ham qiziq bo‘lgan. Bir kuni tanish bir “GAI” xodimi to‘xtatdi-da: «Sen bunaqa yurmagin, sizlarni maxsus o‘qitib, haydovchilik guvohnomasi beradigan joy bor, o‘sha yerga borgin, men telefon qilib aytib qo‘yaman», dedi va manzilni berdi. Qish edi, 2003 yil. Borganman. Ular ko‘rdilar-da, «Uka, mashina haydashni bilarkansiz, bu yerga 3 yil kelib qiynalib yurmang, kassaga 73 ming to‘lang-da, ketavering, 3 oydan keyin chaqiraman, hujjatlaringizni olib ketasiz», deganlar. Yaxshilik qilganlar menga.
– Tanishuvimizda bir holat e'tiborni tortdi: yo‘lkira uchun tortishmadingiz. Boshqalar bilan ham shunaqa muomala qilasizmi?
– Yo‘lkira borasida hech qachon tortishmaganman, berganlari to‘g‘ri kelsa, olib borib qo‘yaman. Birovning dilini og‘ritish yo‘q. Ba'zan tekinga ham eltib qo‘yaman, duo qilib, tushib ketganlar ham bo‘lgan, mo‘ljaldan ko‘proq berganlar ham bo‘lgan. Bunday holatlarda men hadya bo‘lsa olaman, deyman. Boshqa holatda buni qabul qila olmayman. Bugun ham “Ko‘zi ojizlar jamiyati”dan bir guruh ko‘zi ojizlar chiqishdi. Bir tadbirga borishlari kerak ekan, avtobus kelishi kerak bo‘lgan, kelmagan. Xafa bo‘lib turishgan ekan. «Ko‘kcha masjidigacha, 10 ming so‘m beramiz» deyishdi, rozi bo‘ldim va manzilga yetib tushayotganlarida, pul kerakmas, duo qilinglar, dedim.
– Har xil yo‘lovchilar chiqadi mashinangizga, turli insonlarni ko‘rasiz. Qiziq voqealarga ham duch kelgan bo‘lsangiz kerak?
– Albatta, bunaqa voqealar bo‘lgan. Bir kuni mashinamga bir yo‘lovchi chiqib qoldi va manzilga yaqinlashganda telefon raqamimni so‘radi. Men, yo‘q, manzilimiz uzoq bir-birimizga, men borolmayman, mahalladagilar, yaqinroqda turadiganlar chaqirsa boraman, dedim. Shunda u «Yo‘q, men sizni o‘g‘illarimga ibrat qilib ko‘rsatmoqchiman, ikki o‘g‘lim bor, ishlamasdan uyda yotadi, mening topganimga yashaydi», dedi. Lekin men «Uzr, borolmayman, bu o‘zingiz beradigan tarbiyaga bog‘liq», deb qo‘ya qolganman. Ko‘p bo‘ladi bunday voqealar.
Mayli, sizga aytaman, buni ommaga oshkor qilmasangiz yaxshi bo‘lardi. Yaqinda yana bir voqea yuz berdi. Mashinadan 9 million bilan 1 ming 10 dollar pulimni o‘g‘irlab ketishdi. Pul ham mayli, hujjatlarni ham o‘sha sumkachada qo‘shib olib ketgan. Hech bo‘lmasa hujjatlarni biror joyga tashlab ketar, deb kutdim, afsus, unday bo‘lmadi. Shunday bo‘lishi kerak bo‘lsa, kimdir sababchi bo‘ladi, deyishadi-ku. Har xil inson bor ekan, Xudodan qo‘rqmaydigan. Hammasi insonning o‘ziga, tushunchasiga bog‘liq. Hali aytganimday ibratni ham oladigan oladi. Odamlar masjidlardan pul o‘g‘irlashyapti-yu...
Hayotda inson ko‘p murakkab vaziyatlarga duch kelarkan. Allohning o‘zi ham niyatni yaxshi qilsangiz, yaxshi insonlarga ro‘para qilib qo‘yadi. «Tiko» mashinasini olganimda, hatto yo‘llarni bilmas edim, ko‘chaga chiqmaganman-da. “Yo‘lni ko‘rsatasiz” deya kim qayoqqa desa ketaverardim. Asta-sekinlik bilan shaharni o‘rgandim. Keyin «Nexia» oldim. Unga metan gaz qo‘ydirishga to‘g‘ri keldi, biroz ikkilandim, chunki «zapravka»ga borganda mashinadan tushish kerak. Allohga tavakkal, deya gaz qo‘ydirganman. Birinchi «zapravka»ga do‘stim bilan borganman. Mashinadan tushib turganman, u kirib «zapravka»dan olib chiqib bergan mashinani. Har kuni do‘stimni olib borolmayman-ku, degan o‘yda keyingi safar o‘zim borganman. «Zapravka» qilib bo‘lib chiqib ketayotsam, bir ishchisi kelib «Aka, xo‘jayin aytyapti, boshqa kelmas ekansiz bu yerga», deb aytgan. Chunki mashina ichida o‘zim bo‘lganman-ku.
Keyingi safar boshqa bir «zapravka»ga borganman va navbatda turib, o‘zimdan keyingi mashina egasiga iltimos qilganman, men tushib turaman, mashinada kirib chiqing, deb. U bajonidil rozi bo‘lgan. O‘zim pastga tushib o‘tirib kutganman. Shunda «zapravka» xo‘jayini bu holatni kuzatib turgan ekan. Chiqib ketayotsam, yonimga kelib «Men ko‘rdim sizni, endi bunaqa qilmang, bolalarga aytib qo‘yaman, bemalol kirib, navbatsiz «zapravka» qilib chiqib ketavering», degan edi. Bir xil vaziyatda ikki odamda ikki xil munosabatning guvohi bo‘lganman o‘shanda...
Abror Zohidov suhbatlashdi,
tasvirchi - Muhiddin Qurbonov.