2021 yil 6-12 may kunlari O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasida o‘tkazilgan ochiq birja savdolari yakunlari ko‘ra texnik paxta chigitining birjadagi narxi 31,2% ga pasayib, 12 may holatiga ko‘ra mahsulotning bir tonnasi uchun o‘rtacha 3.403.900 so‘mni tashkil etdi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda, birja savdolariga sotuvchi-korxonalar tomonidan 7961 tonna paxta chigiti qo‘yildi va ulardan 5903 tonnasi, ya'ni 74 foizga sotildi.
Texnik paxta chigitining birjadagi narxlari pasayishiga uning boshlang‘ich narxlarini sotuvchi-korxonalar, ya'ni paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan pasaytirilganligi o‘z ijobiy ta'sirini o‘tkazdi.
Xususan, o‘tgan davrda paxta-to‘qimachilik klasterlari birja savdolariga qo‘yiladigan paxta chigitining boshlang‘ich narxlarini mahsulotning bir tonnasi uchun o‘rtacha 4.781.900 so‘mdan 2.933.300 so‘mgacha, ya'ni 38,7 foizga pasaytirdi.
Texnik paxta chigiti narxining pasayishi oqibatida paxta yog‘ining boshlang‘ich qiymati va birjadagi narxlari ham pasaydi. Xususan, o‘tgan davrda paxta yog‘ining boshlang‘ich narxi o‘rtacha – 5,3 foizga, birja savdolari natijasida shakllangan narxi esa mos tarzda – 11,3 foizga pasayib, bugungi kunda mahsulotning bir tonnasi uchun 14.739.300 so‘mni tashkil qiladi.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi birjada texnik chigitning boshlang‘ich narxlarini kelishib sun'iy oshirish alomatlari bilan 34 ta paxta klasteriga nisbatan ish qo‘zg‘atgan edi.
“O‘zRTXB” AJ PR bo‘limi