Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida sodir bo‘lgan mudhish yo‘l-transport hodisasi oqibatida 7 kishi vafot etgan. Vafot etganlar orasida 1 va 4 yoshli bolalar ham bo‘lgan. Bu haqda Kasbi tuman hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 8 may kuni soat 22:10larda Qashqadaryo viloyatida davlat ahamiyatidagi 4R92 Qarshi — Talliqo‘rg‘on — Kasbi — Jyeynov avtomobil yo‘lining Kasbi tuman Toshqo‘rg‘on mahallasi hududidan o‘tuvchi 26-kilometrida odamlar o‘limi bilan bog‘liq mudhish yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Qayd etilishicha, yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, katta tezlikda harakatlangan «VAZ 21-01» mashinasi va yo‘lning qarama-qarshi tomonidan katta tezlikda harakatlanib kelayotgan «Neksiya» mashinasi bir-biri bilan to‘qnashgan. Oqibatda, har ikkala mashinada bo‘lgan 7 nafar odam og‘ir tan jarohatlari olib vafot etgan. Yana ikki kishi shifoxonaga yotqizilgan. Vafot etganlarning ikki nafari yosh bola, 1 va 4 yoshdagi go‘daklar bo‘lgan. Qolganlar ham hali qirqqa kirmagan shaxslar bo‘lgan.
Ta'kidlanishicha, 13 may kuni mazkur YTH viloyat hokimi Zoyir Mirzayev, IIV YHXBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari J.Karimov, viloyat IIB boshlig‘i Sh.Sotvoldiyev, Kasbi tuman hokimi T.Meyliyev, tuman sektor rahbarlari, mahalla raislari va faollari hamda marhumlarning yaqinlari ishtirokida muhokama qilingan.