Hukumatning 2019 yil 24 iyulda qabul qilingan tegishli qarori bilan «Xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibi haqida»gi nizom tasdiqlangan.
Unga ko‘ra, xorijiy davlatlarda umumiy o‘rta va o‘rta ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bepul amalga oshiriladi.
O‘rta maxsus, kasb-hunar, oliy ta'lim, kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish ta'limi olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olganlik uchun bazaviy hisoblashning 3 baravari miqdorida (2021 yil 1 fevral holatiga ko‘ra, 245 ming so‘m) yig‘im undirilishi belgilangan.
Quyidagi hollarda hujjatlarni tan olish sinovlarsiz amalga oshiriladi:
— umumiy o‘rta va o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va malaka oshirish ta'limini olgan talabgorlarning hujjatlari;
— O‘zbekistonda bo‘linmalari va qo‘shma ta'lim muassasalari mavjud xorijiy ta'lim muassasalarida o‘qigan talabgorlarning hujjatlari;
— Xalqaro 1000 talik reytingga kirgan oliy ta'lim muassasalarining hujjatlari;
— vazirlik va idoralar yo‘llanmalari asosida ta'lim olgan talabgorlarning hujjatlari;
— 1992 yil 1 yanvargacha xorijiy ta'lim muassasalariga kirgan talabgorlarning hujjatlari;
— Oliy ta'limda sifatni baholash Yevropa assotsiatsiyasining a'zolari tomonidan akkreditatsiya qilingan ta'lim muassasalarida ta'lim olganlarning hujjatlari;
— AQSh, Avstraliya, Isroil, Kanada, Singapur, Janubiy Koreya, Yaponiya davlatlarida akkreditatsiya qilingan ta'lim muassasalarida ta'lim olganlarning hujjatlari;
— vazirlik va idoralar tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobiga ta'lim olgan talabgorlarning hujjatlari;
— xalqaro shartnomalar, Prezident va Hukumat hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar.
Talabgorlar so‘rovnomaga ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjat, uning ilovasi hamda ularning o‘zbek tiliga tarjima qilingan notarial tasdiqlangan nusxasini ilova qilishlari kerak.
2019 yil 1 sentyabrdan xorijiy davlatlarda umumiy o‘rta va o‘rta ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish uchun arizalar faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi.
Isfandiyor Burgutboyev tayyorladi