«Marketing bilan qiziqmasangiz, iste'molchilar ham siz bilan qiziqmaydi» - Muhammad Ali Eshonqulov

Business class 12:55 / 13.05.2021 96399

Suhbat davomida zamonaviy biznesda marketingning ahamiyati haqida ham so‘z bordi.

«O‘zbekistonda shu paytgacha marketing rivojlanmagani sababi – bozor raqobat bilan to‘ymagandi. Marketing qilasizmi-qilmaysizmi, biznes yurishi uchun buning ahamiyati hozirgidek emasdi. Hozir esa raqobatchilar anchagina ko‘paygan.

Oddiy misol, besh yil oldin O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlar soni 220 mingta edi, hozir 400 mingtaga chiqdi – salkam 2 barobarga ko‘paydi. Bu degani, bozor ikki barobar qisilgan. Endi marketing qilmasa bo‘lmaydi.

Marketingda beshta «P» borligi aytiladi: place, price, product, promotion, personnel (joy, narx, mahsulot, promoushn, xodimlar). Oldinlari eng muhim rolni place – joy egallardi. Borib-borib zamon o‘zgarib, joy ham, hatto narx ham o‘z ahamiyatini yo‘qotyapti, ular o‘rniga ikkita narsa muhimlashdi: mahsulot va promoushn. Promoushn hatto birinchi o‘ringa chiqib qoldi.

Chunki bozordagi mahsulotlar deyarli o‘xshash. Kimning mediasi, SMM xizmati yaxshi ishlayotgan bo‘lsa, uloqni o‘shalar ilib ketyapti.

Endi xalqaro darajada marketing bilan shug‘ullanishga o‘tishimiz kerak. Qiymat eksport qilganda hosil bo‘ladi. Biz xalqaro marketingga e'tibor qaratishimiz, dunyo miqyosidagi brendlarni shakllantirishimiz kerak. Qaysi tadbirkorni ko‘rsak, shu haqda gapiryapmiz.

Iste'molchi qayerda, qanaqa fikrlayapti, sizning mahsulotingizgacha qanday yetib keladi, sotuvgacha bo‘lgan biznes jarayonlarni yozib chiqqanimizda, marketingning o‘rni beqiyos ekani ko‘rinyapti. Beshta «P» orasida «personnel» (xodimlar) o‘zi aslida menejmentga taalluqli, lekin uni marketingning tarkibiga kiritib qo‘yishdi. Chunki siz xarajat qilib, SMM qilasiz, koll-markaz qilasiz, ular bir amallab mijozni olib kelsa-yu, sotuvchingiz muomalasi to‘g‘ri bo‘lmasa, tabassumi bo‘lmasa, shuncha qilingan ish havoga sovurilgan bo‘ladi.

Bill Geytsning bir gapi bor edi: «Agar biznesingiz internetda bo‘lmasa, demak siz biznesdan tashqaridasiz». Marketing bilan qiziqmasangiz, iste'molchilar ham siz bilan qiziqmaydi, yaqinda yopilishga turavering», – deydi Muhammad Ali Eshonqulov.

Ko‘proq yangiliklar: